19:31 / 17.10.2016
32499

Foto: Toshkentda harakati to‘xtatilgan Vario LF tramvaylari Samarqandda

Foto: Facebook / «Samarkand.Samarkandcy»

Toshkent uchun 2011—2012 yillar davomida Chexiyadan olib kelingan zamonaviy Vario LF tramvaylari Samarqandga yetib keldi. Bu haqda Facebook’dagi «Samarqand va samarqandliklar» guruhida fotoxabar qoldirilgan.

«Samarqandga xush kelibsiz! Yangi tramvay vagonlari shaharga yetib keldi. Lekin bu Samarqand orqali olib o‘tilayotgan tranzit yuk bo‘lishi ham mumkin», — deyilgan 17 oktabr kuni e'lon qilingan fotoxabarda.

Xabar muallifi Samarqand vokzalida nechta tramvay vagoni turganiga aniqlik kiritmagan. Suratlardan ularning sonini aniqlab bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev oktabr oyi boshida Samarqandga tashrif buyurib, kelgusi yil bahorida, Navro‘z bayramigacha shaharda tramvay harakatini yo‘lga qo‘yish haqida ko‘rsatma bergandi.

Yangi qurilajak tramvay yo‘li Siyob bozorini Sartepa mavzesi bilan bog‘laydi, biroq bu yo‘l qaysi ko‘chalar bo‘ylab o‘tishi hozircha rasman ma'lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Toshkentdagi oxirgi tramvay yo‘nalishi yopilgan edi.

Top