09:50 / 18.10.2016
25276

Bugun - Samarqand shahri kuni

Foto: Instagram/nozimnizomovich

Har yili 18 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Samarqand kuni bu yil yigirmanchi marta nishonlanmoqda.

Shahar kuni arafasida Amir Temur nomidagi madaniyat va istirohat markazidagi "Esperanto" xalqaro do‘stlik to‘garagi faollari "Samarqand haqida so‘z" deb nomlangan xalqaro maktublar kunini tashkil etishdi. 

Esperantochilar ushbu tadbirga Samarqand ularning hayotida u yoki bu tarzda iz qoldirgan barchani taklif etishdi va shaharga o‘z tilaklarini izhor etishlarini so‘rashgan.

Aktsiya qatnashchilari shahar haqida hikoyalar, she'rlar, qo‘shiqlar va o‘z taassurotlarini yo‘llashgan.

Shahar va shaharliklarni qutlab bitilgan maktublar Gruziya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Bangladesh, Fransiya, Ispaniya, Tayvan va boshqa ko‘plab mamlakatlardan kelmoqda.

"Bunga ancha bo‘lgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga va Samarqandga kelganimda hayratda qolganligimni hozirgacha kechagidek eslayman. Shahar haqida gid menga ko‘p narsalarni hikoya qilib bergandi. Gruziyaga qaytganimdan so‘ng Samarqand haqidagi ko‘plab kitoblarni o‘qib chiqdim. "Samarqandga qasida" she'rini gruzin tiliga o‘girish imkoniyatini qo‘lga kiritganimda esa o‘zimni yana bir marta baxtli his qildim", — deb yozgan Gruziyaning Rustavi shahridan Galina Dugashvili.

"Men Samarqandga uzoq 1975 yilda Chexiyada sotsializm hukm surgan davrda kelganman. Har safar men bu go‘zal suratni – Registon maydonidagi moviy madrasani ko‘rganimda xayolimda o‘sha sayohatim jonlanadi", deya eslaydi Liba Gabalda.

Ushbu bayram nishonlanishining tashabbuskori O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov bo‘lgan. 20 yil oldin shu kuni shaharga Amir Temur ordeni topshirildi. Shundan buyon har yili bu sana keng nishonlab kelinmoqda.

Shahardagi Registon majmuasi, Amir Temur, Bibixonim, Oqsaroy, Ruhobod maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Hazrati Xizr, Bibixonim masjidlarida ta'mirlash va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Ular atrofi obodlashtirilib, yangi bog‘ va xiyobonlar tashkil etildi. YuNeSKOning 2001 yil Finlyandiyada o‘tkazilgan 25 sessiyasida Samarqanddagi mazkur me'moriy-tarixiy yodgorliklar va boshqa obidalar Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Bugungi kunda Samarqand shahrida 3 shaharcha, 219 mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatmoqda. 88 umumta'lim maktabi, qirqta akademik litsey va kasb-hunar kolleji, yettita oliy o‘quv yurtida yoshlar zamon talablari darajasida ta'lim-tarbiya olib, kasb-hunar egallamoqda.

1997 yildan buyon Samarqand shahri dunyo miqyosidagi yirik san'at anjumani - “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga mezbonlik qilmoqda.

Top