20:51 / 19.10.2016
7914

MMA turnirida bolalar ishtirokini tanqid qilgan Pavel Kolobkov Rossiya Sport vaziri bo‘ldi

Foto: © RIA Novosti

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev mamlakat prezidenti tavsiyasiga binoan Sport vaziri o‘rinbosari Pavel Kolobkovni vazirlikning yangi rahbari etib tayinladi.

U Sport masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari vazifasiga o‘tgan Vitaliy Mutkoning o‘rnini egalladi.

Qayd etish kerakki, Pavel Kolobkov raisligi ostida bugun bo‘lib o‘tgan ishchi guruh yig‘ilishida 4 oktabr kuni Grozniy shahrida o‘tkazilgan MMA Grand Prix Akhmat 2016 turnirining qonuniyligi ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Rossiya Sport vazirligi, Checheniston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Rossiya Aralash janglar san'ati (MMA) ittifoqi hamda Butun Rossiya «MMA ittifoqi» jamoat tashkiloti va boshqa tizim vakillari ishtirok etgan.

Ishchi guruh Grozniyda o‘tkazilgan turnirda 18 yosh va undan katta bo‘lgan kurashchilar ishtirokidagi janglar qoidalarga muvofiq o‘tdi, degan xulosaga keldi. Ammo 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning Grand Prix Akhmat 2016 turniri doirasida ko‘rgazmali janglari MMA qoidalariga zid ekani qayd etildi.

Bundan tashqari, ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, Grand Prix Akhmat 2016 turniri rasmiy musobaqa bo‘lmagan.

Checheniston Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga kelajakda bahsli vaziyatlarga sababchi bo‘lmaslik uchun Rossiya Sport vazirligi va mamlakat sport federatsiyalari bilan kelishilgan holda shunga o‘xshash turnirlarni o‘tkazish tavsiya etildi.

Top