10:16 / 20.10.2016
5392

Xitoyda poraxo‘rlar haqida hujjatli serial ishlandi

Foto: QZ

Xitoyda yuqori lavozimli poraxo‘r amaldorlar hayoti haqida hujjatli serial tomosha qilina boshlandi. Bu haqda Quartz xabar bermoqda. 

"Hamisha yo‘lda" deb nomlangan serialda 8 ta seriya bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Serial CCTV davlat telekompaniyasi tomonidan ishlanmoqda. Serialning "Xalq qo‘llab-quvvatlovi" deb nomlangan 1-seriyasi 17 oktabrda namoyish qilingan. Seriya boshida tomoshabinlar Xitoy raisi Si Tszinpinning yangi yil murojaatini ko‘rishlari mumkin bo‘lgan. Bu murojaatda Xitoy yetakchisi kommunistlarni intizomga rioya qilish va korrupsiya bilan ayovsiz kurashishga chorlaydi.

Bu seriyada shuningdek Xitoy Kompartiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosining sobiq a'zosi Chjou Yunkan ustidan sud jarayoni lavhalari ko‘rsatildi. Serialning qolgan vaqtida esa o‘z jinoyatlari haqida so‘zlab beruvchi uch nafar korrputsiyachining tavbasi va politsiya va partiyaning intizomni tekshirish komissiyasi xodimlarining izohlari namoyish qilingan. Teleserialning "qahramonlaridan" biri, Sichuan viloyati partiya qo‘mitasi kotibi sobiq o‘rinbosari Li Chunchen "hayot jonli efirga o‘xshashligini, unda qilib bo‘lingan ishni tuzatib bo‘lmasligini" aytadi va shundan keyin ho‘ngrab yuboradi.

Internetda serial 16 mln martadan ko‘proq marta ko‘rilgan. Ta'kidlanishicha, ko‘pchilik tomoshabinlar serialdan zavqlanganlar. Tomoshabinlardan biri "Xitoy partiya idoralari qanday mushkul ish olib borayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini va ularning boddxisatvaning (Budda bo‘lishga qaror qilgan kishi) yaxshiligi kabi ezgu ishlarini his qilganini" aytgan. Serial Xitoy kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining 18-chaqiriq 6-plenumi oldidan namoyish qilina boshlandi. Bu plenum 24-27 oktabrda bo‘lib o‘tadi.   

Xitoy raisi 2012 yilda hokimiyat tepasiga kelgandan keyin mamlakatda katta ko‘lamli aksilkorruptsion kampaniyani boshlagan. "Kurash "pashshalar" (mayda poraxo‘rlar) va "yo‘lbarslar"ga (yirik poraxo‘r amaldorlar) qarshi olib borilishi lozim", deb aytgan Si Tszinpin. 

Top