15:13 / 21.10.2016
5309

Ochiqlik va oshkoralik – saylov kampaniyasining muhim mezoni

Foto: O‘zA

Mamlakatimizda joriy yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu jarayonga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki nufuzli xalqaro tashkilotlar ham katta qiziqish bildirmoqda. Binobarin, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Ehtiyojlarni baholash missiyasining (EBM) mamlakatimizga tashrifi fikrimizning yorqin dalilidir.

  O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida doimiy asosda ishlovchi a'zosi Temur Shirinov bilan mazkur tashrifning mazmun-mohiyati xususida suhbatlashdi.

– Eng avvalo, Markaziy saylov komissiyasi hamda YeXHT o‘rtasidagi hamkorlik xususida to‘xtalib o‘tsangiz?

– Ta'kidlash kerakki, Markaziy saylov komissiyasi ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan, – deydi T.Shirinov. – Ayni vaqtda Markaziy saylov komissiyasi hamda YeXHT o‘rtasidagi aloqalar ham samarali rivojlanib bormoqda. YeXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining Toshkentdagi ofisi “O‘zbekiston Respublikasi saylov amaliyotini takomillashtirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyiha doirasida mamlakatimizda saylov amaliyotini yanada demokratlashtirishning turli masalalariga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar, anjuman va seminarlarni tashkil qilish va o‘tkazishda faol ishtirok etdi. Ularning ishida YeXHTga a'zo mamlakatlar vakillari, shu jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ekspertlari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi vakillari Ispaniya, Fransiya, Daniya, Buyuk Britaniya saylov amaliyoti bilan yaqindan tanishish, shu jumladan, saylovchilarning yagona elektron reyestrini yaratish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.

So‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YeXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori, Germaniyaning F.Ebert va K.Adenauer jamg‘armalari singari nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘nga yaqin xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda Yevropa, Osiyo, Amerika va MDH mamlakatlari, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda MDH Ijroqo‘mi ekspertlari ishtirok etdi.

Tajriba almashish, demokratik saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida mamlakatimiz mutaxassislarining Fransiya, Ispaniya, Polsha, Daniya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarga yigirmaga yaqin amaliy tashriflari uyushtirildi.

Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari missiyalar tarkibida Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Litva va boshqa mamlakatlardagi parlament va prezidentlik saylovlarida xalqaro kuzatuvchilar sifatida qatnashdi. Xususan, men Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Gruziya kabi dalvatlardagi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish ishlarini bevosita kuzatdim. Bu albatta tajriba almashish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga o‘tgan davrda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistonda parlament va Prezident saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayoni yuzasidan bir necha marta kuzatuv olib borganini ham ta'kidlash joiz. Ular tomonidan taqdim qilingan tavsiyalar saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishda inobatga olinmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimizda mustaqillik yillarida saylov qonunchiligi va amaliyotida to‘plangan boy tajriba bugungi kunda O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishda ham xalqaro obro‘-e'tiborining oshib borishiga xizmat qilmoqda. Bu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2013 yilda tashkil etilgan yuzga yaqin dunyo mamlakatlari saylov organlarini o‘zida birlashtirgan Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasining ta'sischilaridan biri ekanini keltirib o‘tish fikrimizning misoli sifatida keltirish lozim.

Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan O‘zbekistonga tashrif buyurgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ekspertlari qaysi jihatlarga asosiy e'tiborini qaratdi?

– Joriy yilning 11-14 oktabr kunlari mamlakatimizda bo‘lgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylov departamenti rahbari Aleksandr Shlik boshchiligidagi Ehtiyojlarni baholash missiyasi saylovoldi hamda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini baholash, saylov komissiyalari, shuningdek, saylovni o‘tkazishga aloqador davlat organlari ish faoliyati, saylovga tayyorgarlik borasida siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, milliy qonunchilikni tahlil qilishga e'tibor qaratdi.

 

Markaziy saylov komissiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda xalqaro ekspertlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Markaziy hamda okrug saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr yuritildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda istiqlol yillari mobaynida saylov qonunchiligi, saylov tizimi to‘liq shakllanganligi hamda  saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha to‘plangan tajriba hamda umume'tirof etilgan xalqaro standartlar asosida va xorijiy davlatlar tajribasi chuqur o‘rganilgan holda takomillashtirib borilayotgani e'tirof etildi. Bunda Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy maqom berilgani hamda uning saylovlarni tashkil qilishdagi roli va o‘rni mustahkamlangani, faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik belgilab qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak saylovlarni kuzatish yuzasidan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga taklifnomaning o‘z vaqtida yuborilgani xalqaro saylov standartlari talablariga to‘la mos keladi.

Shuningdek, missiya ekspertlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy sud, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasida uchrashuvlar o‘tkazdi. Ular Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hamda siyosiy partiyalarda ham bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida Markaziy saylov komissiyasi erkin faoliyati kafolatlari hamda uning faoliyatiga aralashmaslik qoidalari mustahkamlab qo‘yilgan. Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar okrug va uchastka saylov komissiyalari uchun, davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar uchun majburiy ekani qonun bilan belgilangan.

Saylov komissiyalarini tuzishda jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan shakllantirishga e'tibor berilayotgani mazkur muhim siyosiy voqelikning nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Har bir saylov uchastkasida siyosiy partiyalar kuzatuvchilari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilot va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega ekani ham saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini ta'minlashning amaldagi in'ikosidir.

 

– Ekspertlar mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalarga qanday baho berdi?

– Ma'lumki, 2015 yil 29 dekabrda kuchga kirgan qonunga asosan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq qonunga boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilarga mandatlar berish tartibiga oid, qamoqda saqlash joylarida ovoz berishni tartibga soluvchi, saylovchilar ro‘yxatini tuzishga doir, saylovoldi tashviqoti, uni amalga oshirish shakllari, usullari, turlari hamda muddatlarini aniq belgilaydigan, muddatidan avval ovoz berish tartibini yanada soddalashtiradigan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlash maqsadida siyosiy partiyalar tomonidan yig‘iladigan imzo varaqalarining sonini qisqartirishga oid yangi normalar kiritildi.

Xalqaro ekspertlar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun saylovchilarning zarur imzolari 5 foizdan 1 foizga kamaytirilgani ham ijobiy baholadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq me'yoriy hujjatlarining yanada takomillashtirilgani alohida qayd etildi.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilayotgan bunday yangiliklar saylovlarni adolatli, ochiq-oshkora, qonuniy xalqaro normalarga mos tarzda o‘tkazish bilan birga fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi bilan bog‘liq siyosiy huquqlarini kafolatlashga, yurtimizda davlat hokimiyati vakillik organlarining demokratik tamoyillar asosida shakllanishiga, siyosiy partiyalarning mazkur jarayonda faol ishtirok etishini ta'minlashga qaratilmoqda.

Xalqaro mutaxassislar saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar qabul qilinganiga alohida e'tibor qaratdi. Chunki mazkur dastur aholining deyarli barcha qatlamlarini, shu jumladan, xotin-qizlar, yoshlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mehnat jamoalari, o‘quv muassasalari vakillari, shuningdek, u yoki bu sabab bilan vaqtincha xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan hamyurtlarimizni qamrab oladiki, bu mamlakatimizda fuqarolarning saylov huquqlari to‘liq kafolatlanganining yana bir amaldagi tajassumidir.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ekspertlari uchrashuvlar yuksak saviyada tashkil etilgani, axborotlar yetarli darajada taqdim qilinganiga e'tibor qaratdi. Missiya uchrashuvlar yakuni bo‘yicha belgilangan muddatda o‘z xulosasini tayyorlab, unda saylovni samarali, haqqoniy va professional kuzatish uchun sharoitlar mavjudligi, saylov tizimi shaffofligi hamda jamiyatning mazkur tizimga bo‘lgan ishonchi, shuningdek, Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining oldingi saylovlarni kuzatish natijalari yuzasidan berilgan tavsiyalari ijrosi singari mezonlar o‘rin oladi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish jarayonida Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroqo‘mi, Islom hamkorlik tashkiloti hamda Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi qatnashishga tayyorligini ma'lum qildi.

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan olib borilayotgan saylov jarayoni monitoringi natijalari fuqarolarning saylov tizimiga, bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining muvaffaqiyatli o‘tishiga bo‘lgan yuksak ishonchini ko‘rsatmoqda.

Behzod BOZOROV suhbatlashdi

Top