13:51 / 23.10.2016
7902

26 oktabrdagi taqdimotda Microsoft'dan nimani kutish mumkin?

26 oktabr, chorshanba kuni Nyu-Yorkda Microsoft kompaniyasining kuzgi taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ushbu taqdimotda kompaniyadan yangi qurilmalar va dasturiy ta'minot bilan bog‘liq qanday yangiliklarni kutish mumkin? "Layfxaker" shular haqida so‘z yuritdi. 

Microsoft Surface PC monobloki

Tarmoqdagi ommaviy axborot vositalari Microsoft kompaniyasi Surface liniyasidagi yangi qurilma - monoblokli personal kompyuter ustida ishlayotganiga shubha qilishmayapti. Manbada ta'kidlanishicha, bu sensor noutbuk yoki planshet-transformer emas, "hammasi bittada" bo‘lgan to‘liq hajmda ishlovchi stansiyadir. Asosan  ekran diagonallari 21, 24 va 27 dyuym bo‘lgan uch modifikatsiya haqida so‘z yuritilmoqda.

Surface PC haqida bir necha yildan beri gapirilmoqda. Tez orada qurilma keng ommaga taqdim qilinadi chog‘i. Monoblokli PK bilan bir to‘plamda taqdim qilinadigan yangi klaviaturaning tarqalgan suratlari bunga bilvosita dalil bo‘la oladi. 

Klaviatura kulrangda bo‘lib, kompyuterga energiya tejovchi Bluetooth 4.0 Low Energy orqali ulanadi. Yaqinda xakerlar simsiz manipulyatorlardan ma'lumotlarni "ilib olish"ni o‘rganib olishdi. Bunga javoban Microsoft kompaniyasining xavfsizlik bo‘yicha xodimlari yangi AES-shifrlash algoritmini va'da qilishdi. 

Nihoyat, so‘nggi paytlarda Microsoft deskpotlarga jiddiy qiziqib qoldi. Ikki oy avval redmondchilar modulli stol kompyuteriga patent buyurmasini berishgan. Shunisi qiziqki, bu kompyuterning qismlarini qiyinchiliksiz olib, o‘zgartirish mumkin ekan. 

Patentdan real mahsulotgacha ancha ish qilinishi kerak, albatta, lekin Microsoft'ning niyati ayon bo‘ladi. 

Windows 10'ni yangilash

Hoynahoy, Microsoft kompaniyasi Windows 10'ning universal kross-platformali xususiyati haqida yana bir bor so‘z ochish imkonini qo‘ldan boy bermasa kerak. Ehtimol, bizga begona ishlab chiqaruvchilarning telefon yoki noutbuklarini namoyish qilishar. 

Shu bilan birga kompaniyada dasturiy ta'minotni yangilashga tayyorlanishmoqda, ularning relizi keyingi yilga mo‘ljallangan. Yodingizda bo‘lsa, avgust oyida foydalanuvchilar "Redstone 1" kod nomi ostida Windows 10 Anniversary Update paketiga ega bo‘lishgan edi. U bir necha jiddiy o‘zgarishlarga olib keldi.

"Redstone 2" haqida hali ko‘p ma'lumot yo‘q. U 2017 yilning may oyida yangi tachpad ishoralari, tahrirlangan "Kamera" dasturi va kompyuter ekranlaridan uy uchun HomeHub aqlli boshqaruv muhiti bilan birgalikda namoyish etilishi kutilmoqda.  

HomeHub uy yordamchisi

HomeHub uy yordamchisi — Amazon Echo uslubidagi dinamik yoki yangi chiqqan Google Home analogi tadbir bezagi bo‘lishi mumkin.

Yordamchi o‘z analoglari kabi savollarga javob beradi, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni eslatadi va maishiy texnika bilan bog‘liq oddiy harakatlarni amalga oshiradi. Gadjyet telefonlar va kompyuterlar (Windows 10) bilan ham do‘stlashib oladi, albatta va ular orqali mediafayllarga (suratlar, musiqa yoki bulutli hujjatlar) kirishni amalga oshiradi. Raqobat qizg‘in bo‘lishi barchaga ayon, bu yangilikka bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytiradi. 

Yangi Surface Pro 4 va Surface Book

Ekspertlar 26 oktabrda yangi Surface Pro plansheti yoki Surface Book leptopining keyingi avlodi namoyish etilishiga ishonishmaydi. Qurilmalar keyingi yilning bahorida taqdim etilishi kutilmoqda. 

Microsoft Surface Pro 4

Qurilmalar Kaby Lake tasnifidagi eng yangi protsessorga ega bo‘lishi ehtimoli yuqori. Eslatib o‘tamiz, bu - Intel Core i3, i5 va i7 protsessorlarining yettinchi avlodi. Issiqlik kamroq ajraladi, nisbatan yuqori takt chastotasi va yuksak samarali grafika - hammasi odatdagidek, lekin savdoni rag‘batlantirish uchun shuning o‘zi yetarli. 

Win32 o‘yinlari Windows Store'ga kelib tushadi

Umuman olganda, bu yangilik emas, chunki ilk Win32-dasturlar allaqachon Windows Store ilovalar do‘koniga joylashtirilgan. 

Faqat bir narsa  noaniq: Microsoft rahbarlari e'tiborni aynan o‘yinga qaratishadimi yoki uni chetlab o‘tishadimi? Funktsiya qiziqish uyg‘otadi, ayniqsa, Surface PC anonsi kutilayotgan bir paytda. 

Microsoft Win32 klassik o‘yinlar ishlab chiqaruvchilari bilan uzviy hamkorlik qiladi. Shunday ekan, Windows Store'da Age of the Empires yoki The Settlers paydo bo‘lsa ajabmas.

Taqdimotda Microsoft Band bilakuzuklari va Surface Phone telefonlari bo‘lmaydi. Surface Phone telefonlari 2017 yilning oxiri yoki 2018 yilning bahorida namoyish etilishi taxmin qilinmoqda.

 

 

Mavzuga oid
Top