17:07 / 24.10.2016
43181

Qishloqlarda arzon uy-joylarni qurish bo‘yicha dastur qabul qilindi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 21 oktabr kuni «2017—2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Keyingi yillarda qishloq joylarda aholi uchun namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi qayd etilsin. Faqat 2009-2016 yillar davrida qishloq joylarda 1308 turar joy massivida umumiy maydoni 9 573 ming kvadrat metr bo‘lgan 69 557 ta shinam uy-joy qurildi. Qishloqlardagi 83,5 mingdan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar oilalarni zamonaviy, sifatli, shinam uy-joy bilan ta'minlashga, qishloqda yangi muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini shakllantirishga ko‘maklashdi, qishloqning qiyofasini yangi darajaga ko‘tarish va shu asosda qishloq aholisining hayot darajasini yaxshilash va dunyoqarashini o‘zgartirish imkonini berdi.

Shu bilan birga, ushbu sohani o‘rganish aholining real ehtiyojlari va xarid qobiliyatini, shuningdek milliy mentalitetni va qishloq joylarda yashash sharoitlarining xususiyatlarini to‘liq hisobga olib qurilish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan prinsipial jihatdan yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatdi.

Qishloq joylarda aholining keng qatlamlarini zamonaviy va shinam uy-joy bilan ta'minlash darajasini tubdan oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
yashash uchun ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash, qishloq aholisining zamonaviy, sifatli, shinam, arzon uy-joyga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish;
qishloq joylarda uy-joylar qurish uchun ajratilgan turar joy massivlarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini va transport tarmoqlarini birgalikda rivojlantirish;
konstruktiv va arxitektura-rejalashtirish yechimlarini optimallashtirish hisobiga loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlari, shuningdek barpo etilayotgan uylar tannarxini pasaytirish;
energiyani tejaydigan materiallar va asbob-uskunalarning yangi turlaridan foydalanishni kengaytirish;
joylarda qurilish industriyasini rivojlantirish, pudrat tashkilotlarining quvvatlarini ko‘paytirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
uy-joy qurilishi uchun ajratiladigan yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlash;
qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun imtiyozli kreditlar berishning fuqarolar uchun yanada qulay shartlarini joriy etish.
2. Qishloq joylarda mavjud namunaviy loyihalarga qo‘shimcha ravishda arzon uylarning quyidagi yangi namunalarini (keyingi o‘rinlarda uylar deb ataladi) joriy etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin:
xo‘jalik imoratlari va obod hovlilari bo‘lgan ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2, 3 xonali) uylar;
aholi zich joylashgan tumanlarda hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 2 va 3 xonali uylar;
hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,04 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylar.
3. Belgilansinki, uy-joylarning yangi namunalarini qurish uchun "Qishloq qurilish bank" ATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, "Ipoteka bank" ATIB, "Xalq banki" ATB, "Asaka bank" ATB va "O‘zsanoatqurilishbank" ATB (keyingi o‘rinlarda ishtirok etuvchi tijorat banklari deb ataladi) uy quruvchilarga 3 yillik imtiyozli davr va birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 15 yil muddatga ipoteka kreditlari beradilar, bunda uy quruvchilarning dastlabki badali quyidagi miqdorlarni tashkil etadi:
15 foiz – ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) uylar va 2, 3 xonali bir qavatli uylar uchun;
25 foiz – ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan uylar uchun.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, "Qishloq qurilish invest" IK MChJ, ishtirok etuvchi tijorat banklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2017 yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) ma'qullansin. Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
2017 yilda namunaviy loyihalarning aniq turlari bo‘yicha qishloq joylarda umumiy moliyalashtirish hajmlari 2 121,5 milliard so‘m bo‘lgan 15,0 mingta arzon, zamonaviy, shinam uy-joylar, shu jumladan birinchi turi bo‘yicha – 4 608 ta, ikkinchi turi bo‘yicha – 3 739 ta, uchinchi turi bo‘yicha – 3 672 ta, qurishning yig‘ma va asosiy parametrlari 1-5-ilovalarga muvofiq;
2017 yilda turar joy massivlari uchun muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obektlari qurish bo‘yicha yig‘ma ko‘rsatkichlar 6-ilovaga muvofiq.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar hokimlariga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi, "Qishloq qurilish invest" IK MChJ, "Qishloq qurilish loyiha" MChJ, "O‘zbekenergo" AJ, "O‘ztransgaz" AK, ishtirok etuvchi tijorat banklari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar rahbarlariga:
ma'qullangan Dastur parametrlariga muvofiq uylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obektlari qurish;
qurilish-montaj ishlari tannarxini pasaytirishga, mahalliy qurilish industriyasini barqaror va mutanosib rivojlantirishga, pudrat tashkilotlarining salohiyatini mustahkamlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ishtirok etuvchi tijorat banklarining buyurtmanomalari bo‘yicha ishtirok etuvchi tijorat banklarining marjasi yiliga 4 foiz miqdorida bo‘lishini hisobga olgan holda yiliga 3 foizli stavka bo‘yicha 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga oluvchi 15 yil muddatga milliy valyutada kredit liniyalari ochsin, bunda kredit liniyasi mablag‘larini Dastur doirasida uylar qurishga maqsadli yo‘naltirsin;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Markaziy bank va ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda Dasturni amalga oshirishga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlarning moliyalashtiruvchi tashkilotlarining imtiyozli uzoq muddatli kreditlarini jalb etish masalasini ishlab chiqsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, ishtirok etuvchi tijorat banklari va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti bilan birgalikda qishloq aholisining uy-joylarning har bir namunasiga bo‘lgan talabini o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, 2017 yil 1 aprelgacha bo‘lgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga keyingi yillarda Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturini amalga oshirish parametrlari yuzasidan takliflar kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda 2018-2021 yillarda Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturini moliyalashtirish miqdorlari va manbalarini belgilasin, shu jumladan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlarning moliyalashtiruvchi tashkilotlarining kredit mablag‘larini jalb etishni nazarda tutsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari kelgusi yilga Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida har yili belgilangan tartibda:
1 maygacha – O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan kelishgan holda, keyinchalik uylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obektlari qurish uchun "Qishloq qurilish invest" IK MChJga beriladigan, qishloq xo‘jaligi maqsadidagi yerlar toifasiga va o‘rmon fondiga kirmaydigan, tashqi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanadigan massivlar ro‘yxati tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
1 sentabrgacha – ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda talabgorlar aniqlanishini va uylar qurish uchun ularning dastlabki badallari shakllantirilishini;
1 oktabrgacha – "Qishloq qurilish invest" IK MChJ va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida uylar qurish uchun Qurilish-pudrat tashkilotlari reyestriga kiritilgan pudrat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilishini;
1 noyabrgacha – "O‘zbekenergo" AJ, "O‘ztransgaz" AK, Respublika yo‘l jamg‘armasi va "Qishloq qurilish invest" IK MChJ bilan birgalikda yangidan quriladigan qishloq turar joy massivlarida muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obektlari qurish uchun Qurilish-pudrat tashkilotlari reyestriga kiritilgan pudrat tashkilotlarini aniqlash bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilishini ta'minlasinlar.
9. "Qishloq qurilish invest" IK MChJ Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida turar joy massivlarida suv ta'minoti obektlari va avtomobil yo‘llari qurish bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.
10. Belgilansinki, turar joy massivlarida suv, elektr, gaz ta'minoti obektlari va avtomobil yo‘llari qurish tegishli ravishda respublika byudjyeti, "O‘zbekenergo" AJ, "O‘ztransgaz" AK va Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
11. "Qishloq qurilish bank" ATB O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, ishtirok etuvchi tijorat banklari va "Qishloq qurilish invest" IK MChJ bilan birgalikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tavsiyalari asosida, ariza beruvchi – uy quruvchining Dasturdagi ishtiroki tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini bir oy muddatda tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. 2017-2021 yillarda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida 2022 yil 1 yanvargacha:
pudrat tashkilotlari – "Qishloq qurilish invest" IK MChJ bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida massivlarda uylar, suv ta'minoti obektlari va avtomobil yo‘llari qurish bo‘yicha ishlar hajmlari uchun – soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
subpudrat tashkilotlari – massivlarda uylar, suv ta'minoti obektlari va avtomobil yo‘llari qurishga "Qishloq qurilish invest" IK MChJ bilan shartnomalar tuzgan bosh pudrat tashkilotlari bilan tuzilgan kontraktlar bo‘yicha ular tomonidan bajariladigan ishlar hajmlari uchun – yagona soliq to‘lovi to‘lashdan;
qurilish materiallari va asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, shuningdek ularni tashiydigan tashkilotlar – foydalanishga tayyor holda topshirish shartlarida uylar qurish uchun "Qishloq qurilish invest" IK MChJga va "Qishloq qurilish invest" IK MChJ bilan shartnomalar tuzgan bosh pudrat tashkilotlariga qurilish materiallari va asbob-uskunalarni realizatsiya qilish va ularni tashish (jumladan import materiallarni) hajmlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i, yagona soliq to‘lovi va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
"Qishloq qurilish invest" IK MChJ – soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan;
"Qishloq qurilish loyiha" MChJ – "Qishloq qurilish invest" IK MChJ bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha uylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma obektlari qurish bo‘yicha bajarilgan loyiha-qidiruv ishlari hajmlari uchun – qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan;
"O‘zsanoateksport" AJ – 7-ilovaga muvofiq respublikada ishlab chiqarilmaydigan, chetdan olib kelinadigan yog‘och-taxta materiallari, tomga yopiladigan metall listlar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno), shuningdek Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha boshqa qurilish materiallari uchun, ular "Qishloq qurilish invest" IK MChJga sotilganda – qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan;
"Toshkent qishloq qurilish servis" MChJ va transport korxonalari – metall listlarni qayta ishlash va ularni "Qishloq qurilish invest" IK MChJga yetkazib berish bo‘yicha ishlar hajmlari uchun – qo‘shilgan qiymat solig‘i, yagona soliq to‘lovi va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu qarorda nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlaridan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatsin.
13. Quyidagilarga istisno tariqasida:
2017 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda – 2, 3 va 4-ilovalarda ko‘rsatilgan uylarning qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga;
2017 yil 1 yanvargacha foydalanishga topshirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilgan holda 0,02 gektar maydondagi yer uchastkalariga joylashtiriladigan 26 ta ikki, uch qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) uylarni va 130 ta bir qavatli 2, 3 xonali uylarni joriy yilda qurishni boshlashga;
8-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha uylar qurish uchun bosh pudrat tashkilotlariga markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladigan asosiy qurilish materiallari va asbob-uskunalarning "Qishloq qurilish invest" IK MChJ tomonidan tender savdolari o‘tkazilmasdan eng maqbul takliflar tanlovi orqali sotib olinishiga ruxsat berilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, "O‘zqurilishmateriallari" AK va "O‘zmetkombinat" AJ buyurtmachi va loyihalash tashkilotining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dastur doirasida uylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma obektlari uchun tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha sement va metall prokati ajratilishini ta'minlasinlar.
15. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi "Qishloq qurilish invest" IK MChJ, "Qishloq qurilish loyiha" MChJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlari bajarilishi sifati va loyiha yechimlari, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish, texnik va mualliflik nazoratlari yuritilishini ta'minlasin.
16. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, "Qishloq qurilish invest" IK MChJ va ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturining maqsadlari va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsinlar.
17. "Qishloq qurilish bank" ATB, "Qishloq qurilish invest" IK MChJ O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida taklif kiritsin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I.Zakirov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
vazifasini bajaruvchi Sh.MIRZIYoYeV
Toshkent shahri,
2016 yil 21 oktabr

Top