15:03 / 24.10.2016
10487

«Oltin to‘p»ga da'vogar yana 5 futbolchi nomi ma'lum bo‘ldi

Foto: France Football

France Football nashri «Oltin to‘p-2016» uchun nomzodlarning ikkinchi ro‘yxatini e'lon qildi.

Endilikda «Oltin to‘p-2016» mukofoti olishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida bungacha e'lon qilingan 5 nomdan tashqari yana 5 futbolchi nomi bor. Lekin bu ro‘yxatda hanuzgacha Lionel Messi nomi yo‘q.

Ayni vaqtda o‘ntalik ro‘yxatni Serxio Aguero («Manchester Siti»), Per-Emerik Obameyang («Borussiya» Dortmund), Garet Beyl («Real»), Janluidji Buffon («Yuventus»), Krishtianu Ronaldu («Real»), Kevin de Bryuyne («Manchester Siti»), Paulo Dibala («Yuventus»), Diyego Godin, Antuan Grizmann (ikkisi – «Atletiko»), Gonsalo Higuain («Yuventus» / «Napoli») kabi futbolchilar tashkil qilib turibdi.

Kun davomida yana 20 futbolchi nomi oshkor qilinadi.

Bundan oldinroq FIFA va France Football «Oltin to‘p» egasini aniqlash va taqdirlash bo‘yicha 5 yillik kelishuv muddati tugaganini ma'lum qilgandi. Jurnal 1956 yildan 2009 yilgacha jurnalistlarning ovoz berishlari orqali g‘olibni aniqlagandi. 2010 yildan buyon esa mukofot FIFA tomonidan topshiriladigan bo‘ldi. Bu holatda individual mukofot g‘olibini aniqlashda OAV vakillaridan tashqari butun dunyodagi terma jamoalarning bosh murabbiylari hamda terma jamoalarning sardorlari ishtirok etishi joriy qilindi.

Nashr har soatda 5 nafardan «Oltin to‘p»ga davogarlar ro‘yxatini e'lon qilib boradi.

Qayd etish kerakki, bu yilgi g‘oliblikka asosiy da'vogar sifatida Ronaldu nomi keltirilmoqda. U 2015/16 yilgi mavsumda «Real» bilan YeChL sohibi, Portugaliya termasi bilan esa Yevropa chempioni bo‘lgandi.

Messi esa Argentina terma jamoasi bilan Amerika Kubogi finalida yutqazdi, «Barselona» bilan ham xalqaro maydonda muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Mavzuga oid
Top