«Manchester Yunayted» jamoasi hujumchisi Zlatan Ibrahimovich agar joriy mavsumda mankunianliklar bilan chempionlikka erisha olsa, joriy mavsum professional faoliyatidagi so‘nggisi bo‘lib qolishini ma'lum qildi.
«Men Premer-liga chempionligiga erishsam, keyingi kundanoq futboldan ketaman. Men shu vaqtgacha qaysi ligada o‘ynagan bo‘lsam, barchasidan nimadir yutganman», — degan 35 yoshli futbolchi «qizil iblislar» jamoasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida.
Shvetsiyalik ushbu futbolchi 26 oktabr kuni «Manchester Yunayted»ning «Manchester Siti»ga qarshi (1:0) Angliya Liga Kubogi nimchorak finalida kechgan uchrashuvida Angliyaga kelganidan keyingi o‘yinlarida ilk marta golli pas berdi. Bu uning jamoa safidagi 14-uchrashuvi edi.
Qayd etish joiz, «MYu»dagi birinchi golli uzatmasidan avval futbolchi mankunianlarning barcha turnirlarida 6ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Ayni vaqtda «Manchester Yunayted» APL turnir jadvalida peshqadamdan 6 ochko ortda qolgan holda yettinchi o‘rinda joylashgan.