17:01 / 29.10.2016
12855

2017 yilda O‘zbekiston YaIM 7,8 foiz o‘sishi kutilayapti

O‘zbekiston hukumati 2017 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,8 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda. 

2016 yil 28 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarini, shuningdek, soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qabul qildilar. Bu haqda, Uzdaily.uz sayti yozmoqda.

Deputatlar kelgusi yil uchun shakllantirilgan soliq-byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘lgan yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning 6,2 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi ko‘zda tutilayotganligini alohida qayd etdilar.

Kelgusi yilda mamlakat iqtisodiyotiga soliq yukini yalpi ichki mahsulotga nisbatan joriy yildagi 20,2 foizdan 18,9 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Eng muhimi, 2017 yilda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini yanada rivojlantirishni ta'minlash maqsadida kelgusi yilda amal qilish muddati tugayotgan soliq imtiyozlarining muddatini uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar tasarrufida kelgusi yilning o‘zida qariyb 500 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qoldirish imkonini berib, ularga o‘z aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashni amalga oshirishlari uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi.

2017 yilgi Davlat byudjyeti loyihasida madaniyat muassasalarini saqlash va sport tadbirlarini o‘tkazish xarajatlarining hajmi joriy yilga nisbatan 16,7 foizga oshirilgan.

Respublikaning tarixiy-me'moriy, ijtimoiy-madaniy va turizm salohiyatini ehtiyotlab saqlashni ta'minlash, shuningdek, yanada ommalashtirish va targ‘ib qilish maqsadida mamlakatimizdagi madaniy va arxeologiya merosi obektlarida konservatsiyalash va restavratsiya qilish ishlarini o‘tkazish bo‘yicha dasturni moliyalashtirish uchun Davlat byudjyetidan 25,8 milliard so‘m, ya'ni joriy yilga nisbatan 1,17 marta ko‘p mablag‘ ajratish taklif etilmoqda.

Davlat byudjyetining umumiy xarajatlarida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan xarajatlar 2000 yilda 42,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda kutilayotgan 59,5 foizdan 2017 yilda 59,7 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, kam ta'minlangan va moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga va bolali oilalarga beriladigan nafaqalar uchun ajratilgan xarajatlar 2017 yilda qariyb 2,6 trillion so‘mdan ortiq miqdorda, ya'ni 2008 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratiladi, deyiladi xabarda. 

Top