10:13 / 29.10.2016
6493

Volkswagen 5 metrlik krossover taqdim qildi

Foto: motor.ru

Volkswagen konserni VW Atlas deb nomlangan o‘rta o‘lchamdagi yangi krossoverini rasman taqdim qildi. Yangi avtomobil birinchi navbatda Shimoliy Amerika bozori uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u 27 oktabrda Los-Anjyelesda namoyish qilindi.

7 o‘rindiqli VW Atlas negizida MQB modul platformasi yotadi, u yangi VW Tiguan modelida, konserning old privodli ko‘pchilik modellarida va 7 o‘rindiqli Skoda Kodiaq modelida qo‘llangan. Biroq Atlas’ni Kodiaq’ning nusxasi deb atash mumkin emas: yangi model anchagina katta. "Kodiak" 4697 mm uzunlikka ega bo‘lsa, VW Atlas uzunligi 5 metrdan ko‘proqni tashkil qiladi. 

Volkswagen Atlas o‘zining o‘lchamlari bo‘yicha Ford Explorer va Toyota Highlander’larga yaqinroq. Aynan shu mashinalar yangi modelning AQShdagi raqobatchilari bo‘ladi.

Foto: motor.ru

Mashina 2 ta benzinli motor: 2 litrli turbirlangan 4 silindrli va 238 ot kuchiga ega dvigatel va 280 ot kuchiga ega, VR6 3,6 dvigateli bilan taqdim qilindi. Uzatmalar qutisi 8 pog‘onali "avtomat", bazaviy versiyaning privodi faqatgina oldi. 

Mashina salonida to‘liq raqamlashtirilgan asboblar paneli, sensor boshqaruvga ega multimedia tizimi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, mashina yo‘ldagi chiziqlar va ko‘rib bo‘lmaydigan hududlarni kuzatish tizimlari, adaptiv kruiz-kontrol va favqulodda tormozlash funksiyasi hamda avtomatik parkovka tizimi bilan jihozlangan. 

Foto: motor.ru

Mashinaning uchinchi o‘rindiqlar qatori mexanik tarzda yig‘iladi, ikkinchi o‘rindiqlar qatori uchinchi qatorga o‘ta olish uchun oldi-orqaga harakatlanadi. Uchinchi qatordagi yo‘lovchilarda stakan qo‘ygichlar va 12 voltlik rozetkalar bo‘ladi.

Yangi mashina Volkswagen’ning Shimoliy Amerikadagi zavodida ishlab chiqariladi. Keyinroq xuddi shunday model Xitoyda paydo bo‘ladi. Mashinani Yevropa bozoriga chiqarish mo‘ljallanmagan. 

Foto: motor.ru
Foto: motor.ru
Mavzuga oid
Top