12:01 / 31.10.2016
6071

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida “Ommaviy axborot vositalari va saylovoldi tashviqoti” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi

Foto: elections.uz

2016 yilning 31 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida videokonferentsaloqa shaklida “Ommaviy axborot vositalari va saylovoldi tashviqoti” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Ta'kidlanganidek, ommaviy axborot vositalari erkin demokratik saylovlarni o‘tkazishning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Saylov jarayonida barcha fuqarolarga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturi, shuningdek, saylov jarayonining mohiyati haqida to‘liq axborot olish shart-sharoitlari ta'minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi hal qiluvchi pallasiga kirdi. Shu yilning 28 oktabridan saylovoldi tashviqoti boshlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga asosan saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta'minlanadi. Nomzodlarga davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni, nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti o‘tkazish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Shu sababli Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan kelib tushgan taklif va istaklarni inobatga olib, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 ta hududiy telekanallarida 206 daqiqa, “Toshkent” teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratdi.

Nomzodlarga “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalarida 6 sahifadan, “Nurly jol” va “Ovozi tojik” gazetalarida 5 sahifadan iborat nashr maydoni bepul beriladi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 ta mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.

Ta'kidlanganidek, saylovoldi kampaniyasida ommaviy axborot vositalari nomzodlar uchun oshkoralik va ochiqlik muhitini yaratishga ko‘maklashishlari va ular bilan bog‘liq har qanday ochiq axborotni tezkorlik bilan, haqqoniylik, tenglik va xolislik asosida tarqatishlari talab etiladi. Axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida nomzodlarning saylovoldi faoliyatini yoritib berishda ommaviy axborot vositalari teng sharoitlar, shu jumladan dasturning davomiyligi va hajmi bo‘yicha teng sharoitlar yaratib berilishini ta'minlaydi.

Bunda pulli efir vaqtini yoki chop etish maydonini ajratish bilan bog‘liq munosabatlar ommaviy axborot vositalari va siyosiy partiyalar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak.

Seminar erkin fikr almashish tarzida o‘tdi, jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini

yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markaz

Top