17:02 / 01.11.2016
6436

YeChL anonsi: «Pep-Siti» «Barsa»ga qarshi, Robben vataniga raqib bo‘lib qaytdi va boshqa o‘yinlar

«Arsenal» va «PSJ» navbatdagi yirik hisobli g‘alabalarga tayyorlanmoqda, «Beshiktosh» «Napoli»ga qarshi safar o‘yinidagi muvaffaqiyatni o‘z uyida ham takrorlashi mumkin, Kiyevning «Dinamo»si Lissabonda hayot-mamot o‘yinini o‘tkazadi, Aren Robben ilk marta gollandlarga qarshi o‘ynaydi, «Manchester Siti» esa Barselonadagi sharmandali natija uchun javob qaytarishga urinib ko‘radi.

A guruhi
Bu guruhda 4-tur o‘yinlaridan keyin barchasi oydinlashishi mumkin. Kvartet yetakchilari — Londonning «Arsenal»i hamda fransuzlarning «Pari Sen-Jyermen» jamoasi bu turda safar qilishadi — inglizlar Bolgariyada «Ludogorets» bilan, parijliklar Shveytsariyada «Bazel» bilan o‘ynaydi .

Uchinchi turni o‘z maydonlarida o‘tkazgan grandlar yirik hisoblarda g‘alabalar qayd etishgandi. Mesut O‘zilning het-triki «Arsenal»ga «Ludogorets»ni 6:0 hisobida yengish imkonini bergandi, «PSJ» esa «Bazel» bilan uchrashuvda Edinson Kavanining 3 goli evaziga g‘alaba qozongandi.

«Arsenal» safar uchrashuviga bir qator yetakchilarini olib ketmayapti. Arsen Venger Ektor Belerin, Nacho Monreal, Santi Kasorla va Teo Uolkottga dam berishga qaror qilgan. «Kanonirlar» hafta oxirida «Tottenhem»ga qarshi derbi uchrashuvini o‘tkazadi.

Ayni vaqtda guruhda «Arsenal» va«PSJ» 7 ochkodan to‘plagan, «Bazel» va «Ludogorets» bittadan ochkoga ega.

B guruhi
Bugun boshqa o‘yinlardan ertaroq bo‘lib o‘tadigan uchrashuv Turkiyada o‘tkaziladi. «Beshiktosh» Toshkent vaqti bilan soat 22.45da Italiyaning  «Napoli» klubiga qarshi uchrashuvini boshlaydi. Ikki soat o‘tib guruhning ikkinchi uchrashuvi «Benfika» va Kiyevning «Dinamo» jamoalari o‘rtasida boshlanadi.

Istanbulliklar klubi 3-turda Neapolga safar qilgan hamda Vensan Abubakarning oxirgi daqiqada qayd etgan dubli evaziga 3:2 hisobida g‘alabaga erishgandi.

«Napoli»ning hujumdagi variantlari xilma-xil. Lekin biz ham himoyaga yotmoqchi emasmiz, biz ularni o‘z darvozamizdan uzoqroqda tutib turishga harakat qilamiz», — deya javob uchrashuvi ham yorqinroq kechishiga va'da qilgan turkiyaliklar jamoasi bosh murabbiyi Shenol Gunesh.

Turklar jamoasi tarkib bilan bog‘liq qiyin muammolarni boshdan kechirmoqda: Janer Erkin va Anderson Taliska jiddiy jarohatlar tufayli uzoq vaqtga safdan chiqqan, O‘g‘uzxon Ozyoqub, Najib Uysal, Go‘kxon Inler va Atiba Xatchinson ham «o‘yindan tashqarida holatda» . «Napoli»da esa jarohat tufayli himoyachi Raul Albiol va hujumchi Arkadiush Milik maydonga tushmaydi.

Kiyevning «Dinamo» jamoasi oldida qiyin vazifa turibdi: agar Sergey Rebrov jamoasi keyingi bosqichga chiqmoqchi bo‘lsa, bugungi uchrashuvda  «Benfika»dan avvalgi turdagi 0:2 hisobidagi mag‘lubiyat uchun qasos olinishi kerak bo‘ladi.

Dinamochilar Lissabonga ochko olish uchun yo‘l olishgan, lekin «Benfika» o‘z maydonida hamisha ishonch bilan o‘ynaydi, bu jamoa oxirgi marta o‘z uyida shu yilning fevralida «Portu»ga 1:2 hisobida yutqazgandi.

V guruhida 3 turdan keyin «Napoli» 6 ochko bilan yetakchilik qilmoqda, «Beshiktosh»da — 5, «Benfika»da — 4, «Dinamo»da — 1 ochko bor.

C guruhi
Chempionlar ligasida kunning markaziy uchrashuvi «Manchester Siti» va «Barselona» bahsi bo‘lishi kutilmoqda. Toshkent vaqti bilan soat 00:45da bu bahsga parallel tarzda Germaniyada yana bir uchrashuv boshlanadi. Menxengladbaxning «Borussiya» jamoasi «Seltik»ni qabul qiladi.

2 hafta oldin «Kamp Nou»da kataloniyaliklar jamoasi sobiq bosh murabbiylari Pep Gvardiolaning «Siti»si darvozasiga javobsiz 4 gol yo‘llagandi. Bugungi uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida murabbiydan, o‘tgan o‘yin natijasi uchun qasos olishga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida so‘rashdi. Murabbiy qisqagina «Yo‘q» javobini berdi.

S guruhida 3 turdan keyin jamoalar quyidagi tartibda joylashgan: «Barselona» — 9 ochko, «Manchester Siti» — 4, «Borussiya» — 3, «Seltik» — 1.

D guruhi
«Atletiko» – «Rostov» uchrashuvi rossiyaliklar uchun keyingi bosqichga chiqishdagi so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin. Jamoa «Visente Kalderon»da mo‘'jiza ko‘rsatishga tayyor. Shuningdek, PSV o‘z maydonida «Bavariya»dan ochok olib, jasorat ko‘rsatishga chog‘langan.

Remko Pasveyer 32 yoshida Chempionlar ligasida debyut qiladi. Bunga eyndxovenliklarning asosiy darvozaboni Yyerun Zut olgan jarohat sabab bo‘ladi.

Myunxenliklar 3-tur uchrashuvida PSVni 4:1 hisobida yenggandi, bugun ham niderlandlarning mag‘lubiyati qayd etilsa, bu jamoa turnirni guruh bosqichida tark etishi aniq bo‘ladi.

Yana bir e'tiborga molik jihati  «Bavariya» a'zosi bo‘lgan niderlandiyalik futbolchi Aren Robben bugun o‘z futbolchilik faoliyatida ilk marta niderlandlarga qarshi o‘ynaydi.

«Men Eyndxovenga qarshi o‘yin oldidan o‘zimni uyga qaytgandek his qilmoqdaman. Biz g‘alaba qozonmoqchimiz, bu guruhda birinchi o‘rinni egallashimiz kerak», — degan u.

D guruhida 3 tur o‘yinlaridan keyin «Atletiko» 9 ochko bilan yetakchi, «Bavariya»da — 6, «Rostov» va PSVda — 1tadan ochko bor.

Mavzuga oid
Top