12:12 / 01.11.2016
25365

Shavkat Mirziyoyev “Toshissiqquvvat”ning Mirobod tumani bo‘limi rahbarini ishdan bo‘shatdi

Foto: nuz.uz

“Toshissiqquvvat” ishlab chiqarish birlashmasi Mirobod tumani filiali rahbari Muxammedov F.X. fuqaro murojaatini ko‘rib chiqishda kamchilikka yo‘l qo‘yilgani tufayli lavozimidan olindi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning Facebook’dagi sahifasida xabar qilindi.

"Toshkent shahar Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Ye.Karavaykinadan issiqlik quvvati bilan ta'minlash masalasida kelib tushgan murojaatni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Mirobod tumani hokimi (Kadirov)ga hayfsan e'lon qilindi va “Toshissiqquvvat” ishlab chiqarish birlashmasi Mirobod tumani filiali rahbari (Muxammedov) egallab turgan lavozimidan ozod etildi", deyilgan xabarda.

Sahifada keltirilishicha, Toshkent shahar hokimi Usmonovga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga aholi va tadbirkorlardan eng ko‘p ariza va shikoyatlar tushganligi, murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etish muddatlarini asossiz buzilishiga yo‘l qo‘yganligi ko‘rsatib o‘tildi hamda murojaatlarni vaqtida va qonuniy hal etilishi bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirilgan.

Bundan oldinroq Shavkat Mirziyoyev Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktoriga hayfsan e'lon qilishga ko‘rsatma bergani xabar qilingandi.

Shuningdek, Pop hokimi Bosh vazir virtual qabulxonasiga kelgan murojaatlarni hal etishda soxtalikka yo‘l qo‘ygani uchun hayfsan olgan.

Top