15:06 / 01.11.2016
12947

O‘zbekiston savdo uylari yangi bozorlarni o‘zlashtirmoqda

Foto: © RIA Novosti

«O‘zagroeksport» kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasida yetishtirilgan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun keng qamrovli ishlar olib bormoqda. Xususan, yangi bozorlarni topish, meva-sabzavot mahsulotlarini sotish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan chet davlatlarda qo‘shma savdo uylari tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Xususan, joriy yil sentabr-oktabr oylarida Rossiya Federatsiyasi hududida to‘rtta, Qozog‘istonda ikkita savdo uyi tashkil etildi. 

«O‘zagroeksport» kompaniyasi Kun.uz saytiga ma'lum qilishicha, ushbu savdo uylariga tashkil etilganining birinchi haftasida 500 ming AQSh dollariga yaqin meva, sabzavot, poliz va uzum mahsulotlari yuborilgan. 

Shu bilan birga, xaridorlar sonini oshirish va O‘zbekistonda yetishtirilgan yangi va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinuvchi mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish maqsadida, «O‘zagroeksport» AJ vakillari janubiy va janubiy-sharqiy Osiyo, shuningdek, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, jumladan Hindiston va BAA, Indoneziya, Malayziya hamda Shri-Lankaga safar qilishgan. 

O‘zbekiston dalalarida yetkazilgan mahsulotlarni import qilishga qiziqish bildirgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda 10 ming tonna mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. 

Amaliy tashrif chog‘ida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma savdo uylari tashkil etish masalalari muhokama etilgan. Bu esa, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijiy davlatlarga ko‘proq eksport qilish hamda o‘sha mamlakatlar fuqarolarini sifatli sabzavot, meva va dukkakli don mahsulotlari bilan arzon narxlarda ta'minlash imkonini beradi.
 

Top