16:36 / 02.11.2016
10618

Xitoydagi ishsizlar soni Rossiya aholisidan ko‘pligi ma'lum bo‘ldi

Foto: chinahearsay

Sayyoramizda istiqomat qilayotgan aholi soni 1994 yilda 5 milliard 700 million kishini tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 7 milliarddan oshib ketdi. BMTning aholishunoslik va taraqqiyot bo‘yicha Komissiyasi e'lon qilgan hisobotlarga qaraganda, yaqin 10 yil mobaynida Afrika aholisi soni ma'lum darajada oshadi. 2050 yilga borib, Afrika aholisi Lotin Amerikasi aholisi sonidan olti barobar oshib ketadi. Biroq 40ta mamlakatda 2014 - 2050 yillarda aholi soni keskin qisqaradi. Bu mamlakatlar ro‘yxatiga Germaniya, Xitoy, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, Tailand, Yaponiya, shuningdek, Sharqiy, Janubiy-sharqiy va G‘arbiy Osiyo mamlakatlarini kiritish mumkin. 2025 yilda yer shari aholisi 8 milliard 100 million kishiga yetadi. 2050 yilda esa sayyoramiz aholisi 9 milliard 600 million kishini tashkil qiladi. Mutaxassislarning fikricha, 1994 - 2014 yillarda 60 yoshdan oshgan insonlar soni oshgan. Qariyalar soni besh yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan ancha ko‘paydi. 2050 yilga borib, qariyalar soni yer yuzi aholisining 21 foizini tashkil qiladi. Yaqin 35 yil davomida yoshlar soni deyarli o‘zgarmay qoladi.

Rossiyalik mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, mamlakatga “Osmon osti mamlakati”dan mehnat muhojirlarining oqimi shu darajada davom etadigan bo‘lsa, u holda 2050 yilga borib Rossiyada xitoy millatiga mansub aholi ruslardan keyin ikkinchi o‘ringa chiqib oladi. Bu haqda Stavropoldagi Shimoliy Kavkaz federal universitetida bo‘lib o‘tgan “Migratsiya jarayonlari” deb nomlangan xalqaro konferensiyada chiqish qilgan Rossiya Fanlar Akademiyasi Xalq xo‘jaligini prognozlash Instituti migratsiya tadqiqotlari markazi ilmiy direktori Janna Zayonchkovskaya ma'lum qildi. Uning aytishicha, Xitoyda ishsizlar Rossiya aholisidan ham ko‘p ekan.

Rossiya aholisining tabiiy o‘sishi shu yilning yanvar-avgust oylarida 8,2 ming kishini tashkil qildi. Bu haqda Mehnat vaziri Maksim Topolin bayonot berdi. Uning aytishicha, 8 oy mobaynida 1 million 280 ming chaqaloq tug‘ildi. Chaqaloqlarning tug‘ilishi 28 mintaqada ko‘paygan. Mordoviya, Saxalin, Moskva viloyatlarida, Sankt-Peterburg, Moskva va Sevastopol shaharlarida chaqaloqlar tug‘ilishi o‘rtacha 4 foizga ko‘paygan. Shu yilning avgust oyida 181 ming 700 chaqaloq tug‘ilgan. Bu o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan 13 ming 100 nafarga, yoki 7,8 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga yanvar-avgust oyida 1 million 270 ming kishi vafot etdi. Bu 2015 yilning shu davriga nisbatan 21 ming 800taga, yoki 1,7 foiz kamdir. Vafot etganlar soni 73 ta mintaqada kuzatilgan. Rossiyada doimiy yashovchi aholi soni 1 sentabr xolatiga ko‘ra, 146 million 700 ming kishini tashkil qildi. 

Rossiyada yaqin yillar ichida tug‘ilish koeffitsiyenti xozirgi 1,77 dan 1,9 gacha ko‘payishi bashorat qilinmoqda. Ma'lumki, bu kabi ko‘rsatkich Fransiyadan tashqari, Yevropadagi barcha mamlakatlarda ancha pastdir. Mehnat va ijtimoiy muhofaza vaziri Maksim Topilin mamlakatda tug‘ilishni rag‘batlantirish zarurligini ta'kidlab o‘tdi. Buning uchun 30 yoshgacha ikkita farzandni dunyoga keltirgan yosh onalarni rag‘batlantirish kerak bo‘ladi. Vazirning aytishicha, bu borada onalar kapitali o‘z samarasini bergan. Shuni ta'kidlab o‘tish kerak-ki, yaqinda hukumatning qonun chiqarish Komissiyasi 2020 yilga qadar onalar kapitalini indektsiyalashni to‘xtatishga qaror qildi. Onalar (Oila) kapitali bu oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlovchi chora-tadbirlar bo‘lib, 2007 yildan 2018 yilga qadar tug‘iladigan yoki asrab olinadigan ikkinchi farzandga beriladigan mablag‘dir.

Rossiya hukumati 2020 yilga qadar mamlakat aholisi sonini hozirgiga nisbatan bir million nafarga ko‘paytirish va o‘rtacha hayot kechirishni 74 yoshga yetkazish borasida chora-tadbirlar rejasini qabul qildi. Bu borada 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan demografik siyosat tasdiqlandi. Dasturga ko‘ra, 2020 yilga borib, Rossiya aholisi 147 yarim millionga yetishi kerak. 

 Sharofiddin To‘laganov

Mavzuga oid
Top