22:05 / 02.11.2016
4210

MSKda YeXHT elchisi Yoxan Peter Traugott Teyler bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2016 yil 2 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari, elchi Yoxan Peter Traugott Teyler bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov Komissiyaning YeXHT DIIHB bilan hamkorligi samarali rivojlanib borayotgani va ijobiy natijalar berayotganini ta'kidladi.

Uchrashuvda YeXHT DIIHB missiyasi faoliyati, uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi bilan o‘zaro hamkorligi masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shu kuni poytaxtimizda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish tadbirini boshlashi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda elchi Yoxan Peter Traugott Teyler boshchiligidagi missiya poytaxtimizda 17 nafar kuzatuvchi ekspert hamda hududlarda faoliyat ko‘rsatadigan 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan tarkib topishi ma'lum qilindi. Bundan tashqari, saylov kuni DIIHB 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarni jalb qilishi rejalashtirilgan. Kuzatuvchi va ekspertlar YeXHTning 21 a'zo mamlakatidan jalb qilinadi.

Uzoq muddatli kuzatuvchilar guruhi a'zolari mamlakatimizga shu yilning 5 noyabr kuni kela boshlaydi, qisqa muddatli kuzatuvchilar 2-6 dekabr kunlari faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilgan.

Saylovni kuzatish missiyasi saylovni baholashda YeXHT majburiyatlari, demokratik saylov o‘tkazilishining xalqaro standartlari va talablari hamda milliy qonunchilikka tayanadi. Kuzatuvchilar saylov kampaniyasi tadbirlarini, saylov ma'muriyati va mutasaddi tashkilotlar faoliyatini, qonunchilikka rioya qilish jarayonlarini kuzatadi. Ekspertlar saylov tadbirlari ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishini monitoring qilib boradi.

Saylov kuni kuzatuvchilar saylov uchastkalarining ochilishi, ovoz berish jarayoni, ovozlarni sanash va uning natijalarini taqdim qilish jarayonlarini kuzatadi. Missiyaning dastlabki natija va xulosalari bo‘yicha hujjat saylovdan bir kun o‘tib chop etiladi.

Tadbirda milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar, qolaversa, mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini xalqaro standartlarga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazishga tayyor ekanini e'tirof etgan holda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun o‘zining to‘laqonli missiyasini yuborishga qaror qilgani alohida ta'kidlandi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.
 

Mavzuga oid
Top