00:31 / 02.11.2016
34895

Shavkat Mirziyoyev Andijon hamda Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

Foto: uzlidep.uz

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 1 noyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni O‘zLiDePning Shahrixon tumani kengashi raisi Qahramon Sarimsoqov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur'atlarini ta'minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, aholi bandligini ta'minlash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, xususiy mulk va tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, hududlarni kompleks va izchil rivojlantirish, xalqimiz turmush darajasi va hayot sifatini yuksaltirish kabi muhim masalalarga alohida e'tibor qaratilgan.

Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Andijon viloyati ham yuqori sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Buning tasdig‘ini 2010 yildan buyon viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 1,7 barobar o‘sgani misolida ko‘rish mumkin. Viloyatda sanoat mahsulotining 95 foizdan ortig‘i avtomobilsozlik, yengil sanoat, kimyo, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati kabi zamonaviy tarmoqlarda ishlab chiqarilmoqda.

Viloyatdagi 140 qo‘shma korxonaning yarmidan ko‘pi oxirgi 5 yil mobaynida, ilgari bunday korxonalar bo‘lmagan tumanlarda tashkil etilgan. Andijonning eksport hajmi hozirgi kunda qariyb 160 million dollarga yetgan va bu 2011 yilga nisbatan 6 barobar ko‘pdir.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari keng qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida ularning soni va viloyat iqtisodiyotidagi salmog‘i tobora ortib borayotir. Keyingi besh yilda viloyatda 10 mingdan ziyod yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etilib, ularning umumiy soni deyarli 2,5 barobar ko‘paygan. Mehnat bilan band aholining 84 foizi shu sohada faoliyat ko‘rsatib, daromad topmoqda.

Uchrashuv videokonferensiya tarzida o‘tkazildi. Andijon shahri va barcha tuman markazlarida yig‘ilgan saylovchilar bilan ochiq va jonli muloqot bo‘ldi. 

Xonobod shahridan O‘zLiDeP faoli Sh.Alimov, Izboskan transport kasb-hunar kolleji o‘quvchisi O.Tojiddinova, Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi I.Abdumalikov, Oltinko‘l tumanidagi «Baxt imkon chorvasi» fermer xo‘jaligi rahbari F.Ismoilov, Marhamat tumanidagi «Feruz» fermer xo‘jaligi rahbari G‘.Karimov, Shahrixon tumanidagi «Ishkomli hamkor» fermer xo‘jaligi rahbari A.To‘raqulov, Asaka tumanidan «GM O’zbekiston” aksiyadorlik jamiyati xodimi B.Usmonov va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar ijrosi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilajagini ta'kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev shu kuni Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning ishonchli vakili, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzaaliyev ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda nutq so‘zladi va o‘zining saylovoldi dasturida belgilangan asosiy yo‘nalishlar haqida batafsil to‘xtaldi.

Nomzodning dasturida millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, aholi farovonligini har tomonlama oshirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, yerlarning unumdorligini oshirish va ekin maydonlari tarkibini optimallashtirish, ijtimoiy infratuzilmalarni takomillashtirish, bandlikni ta'minlash kabi masalalarga alohida e'tibor qaratilgan.

Mamlakatimizda barcha hududlarni rivojlantirishga qaratilayotgan e'tibor tufayli Farg‘ona viloyati ham izchil taraqqiy etmoqda. O‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8 foiz o‘sdi. Farg‘ona viloyatini 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishlarida 3 ming 881 loyiha amalga oshirilib, 23 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Barcha manbalar hisobidan 584 milliard so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikka keng erkinlik berish hisobiga joriy yilda 2 ming 260 yangi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yekti tashkil etilib, ularning soni 18 ming 775 taga yetdi.

Videokonferensiya tarzida o‘tgan ochiq muloqotda mehnat faxriysi O.Hoshimov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, O‘zbekiston xalq shoiri E.Siddiqova, Farg‘ona kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘quvchisi M.G‘afforjonova va boshqalar mamlakatimizning o‘z taraqqiyot yo‘li – “o‘zbek modeli” barcha sohalarda ulkan samaralar berayotganini qayd etdi. Saylovoldi jarayonlari milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillar asosida o‘tayotganini ta'kidladi. Saylovchilarni 4 dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Manba: O‘zA

Top