16:08 / 03.11.2016
19677

Stiven Sigal Rossiya fuqaroligini oldi

Foto: RIA «Novosti»

Hollivud aktyori Stiven Sigal Rossiya fuqarosiga aylandi. Bu haqdagi farmon Kreml saytida e'lon qilingan

«Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 89 moddasi, «a» bandi asosida belgilansin: 1952 yilning 10 aprelida AQShda tug‘ilgan Sigal Stiven Frederikka Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi berilsin», – deyilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolagan hujjatda.

Qayd etish kerakki, bungacha ham xorijlik aktyor va sportchilarga Rossiya fuqaroligi berilishi kuzatilgan. 2013 yilda Jyerar Deparde Rossiya pasportini olgandi, u o‘zida fransuz fuqaroligini saqlab qolgandi. Keyinroq Deparde Mordoviya markazi Saranskda doimiy propiskaga o‘tdi.

O‘tgan yili sportchilar Jyeff Monson va Roy Jons ham Rossiya fuqaroligini qabul qilgandi.

Qayd etish kerakki, Stiven Sigal fuqarolik olish bo‘yicha o‘ziga xos kolleksiya qiladi. U 2016 yil avvalida Serbiya fuqaroligini olgandi. 2016 yilning avgustida esa u Belarusga safar qilib, bu mamlakatda biznesini yuritish istagini bildirgandi.

Mavzuga oid
Top