11:12 / 03.11.2016
9535

“O‘zbekoziqovqatxolding” va “O‘zagroeksport” uchinchi chorak bo‘yicha hisobot berdi

Foto: uzagroexport.uz

31 oktabr kuni “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi va “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati ijro etuvchi apparatlari rahbar va xodimlari ishtirokida Xolding kompaniya Boshqaruvining kengaytirilgan majlisi o‘tkazildi. Bu haqda “Kun.uz” nashriga “O‘zagroeksport” kompaniyasi ma'lum qildi.

Majlisda oziq-ovqat sanoati tarmog‘ida 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadigan vazifalarni joriy yilning 9 oyligida amalga oshirish yakunlariga ko‘ra iqtisodiy o‘sishning barqaror sur'atlari ta'minlanganligi ta'kidlandi.

Xususan, kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalarda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur'ati 108,1 foizni tashkil etib, qandolat mahsulotlari (147,9 foiz), meva-sabzavot konservalari (131,7 foiz) hamda sut va sut mahsulotlari (120,3 foiz) ishlab chiqarishda yuqori o‘sish sur'atlariga erishildi.

Tarmoq korxonalari tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi prognozga nisbatan 140 foizni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 169 foizni tashkil etib, 75 foizi meva-sabzavot konservalari, 9 foizi tamaki mahsulotlari, 2 foizi qandolat va 14 foizi boshqa mahsulot turlariga to‘g‘ri keldi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishning yangi tizimi joriy etilganligi natijasida o‘tgan yilning 9 oyligiga nisbatan eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlari miqdori 141 foizga ko‘paydi.

Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash borasida Davlat investitsiya dasturi doirasida prognozga nisbatan 101 foiz mablag‘ o‘zlashtirilgan holda, shundan 55 foizini korxonalarning o‘z mablag‘lari, 35 foizini bank kreditlari va 10 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etdi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida prognozga nisbatan 123 foiz mahsulotlar ishlab chiqarilib, jumladan 38 foizini go‘sht-sut, 34 foizini natriy sulfat va 28 foizini qandolat mahsulotlari tashkil qildi.

Shu bilan birga, hisobot davrida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar yuzasidan mutasaddi rahbar va xodimlarning hisobotlari tinglanib, tanqidiy tahlil qilindi.

Majlis yakunida Xolding kompaniya tizimida 2016 yilga belgilangan barcha tadbirlar, prognoz ko‘rsatkichlari va maqsadli parametrlarni so‘zsiz bajarish uchun mavjud resurslarni safarbar etish, shuningdek 2017 yilning I choragida va umuman 2017 yilda oziq-ovqat sanoati tarmog‘ini barqaror ishlashini ta'minlash bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 18 fevraldagi qarori bilan Oziq-ovqat sanoati korxonalari assotsiatsiyasi tugatilib, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tashkil qilingandi.

Qarorga ko‘ra, «O‘zbekoziqovqatxolding» XKning ustav kapitali tugatilayotgan Assotsiatsiya tarkibiga kiruvchi korxonalar ustav fondlaridagi davlatga tegishli aksiya paketlari balans qiymatida o‘tkazilishi hisobidan shakllandi.

Islom Karimov 7 apreldagi qarori bilan «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tarkibida yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bo‘yicha «O‘zagroeksport»maxsus tashqi savdo kompaniyasini tuzishni tasdiqladi.

O‘z faoliyati doirasida «O‘zagroeksport» meva-sabzavot mahsulotlarining jahon va mintaqaviy bozorlari kon'yunkturalarini marketing jihatidan tadqiq qiladi, mahalliy mahsulotlarni eksport uchun ilgari suradi va yangi bozorlarni qidiradi.

Mavzuga oid
Top