22:44 / 03.11.2016
12711

Rustam Azimov ShHTning Bishkekda o‘tgan yig‘ilishida tashkilotga a'zo davlatlar bilan o‘zaro aloqalarning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘zladi

Foto: gov.kg

O‘zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishi tarafdori, deb aytdi Bishkekda 3 noyabrda ShHTga kiruvchi davlatlar hukumat boshliqlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov.

"Ayni vaqtda O‘zbekiston tomonidan bizning hamkorlarimiz – Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya va bizning yaqin qo‘shnilarimiz, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish, yangi imkoniyatlarni izlash va bu masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli va o‘zaro mos keluvchi yechimlarni topish bo‘yicha aniq qadamlar ko‘rilmoqda", deb aytdi Azimov.

Rustam Azimovning aytishicha, O‘zbekiston barcha hamkorlari: ShHTga a'zo va kuzatuvchi davlatlar bilan ham davlatlararo, ham mintaqaviy darajada doimiy muloqotni kengaytirish va chuqurlashtirish tarafdori. Uning aytishicha, bu "o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun bosh harakatlantiruvchi kuch" hisoblanadi.  

Bu borada O‘zbekiston uchun muhim strategik yo‘nalishlar ShHTning ulkan transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatini ochishga qaratilgan birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi.

"O‘zbekiston Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo va Yevropa bilan samarali bog‘laydigan, jumladan Xitoyning tashabbusi doirasida "Ipak yo‘li iqtisodiy kamari"ni yaratish bo‘yicha iqtisodiy asoslangan transport va tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi", deb aytdi Azimov.   

Azimov ShHTning zaif joylaridan biri sifatida ShHT doirasida investitsion faollikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali ko‘p tomonlama mexanizmining yo‘qligini aytdi.

"O‘zbekiston investitsion hamkorlikni rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblangan ShHT taraqqiyot banki yaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi", deb aytdi bosh vazir birinchi o‘rinbosari.

Azimovning aytishicha, bunda O‘zbekiston bir qator tamoyillarga amal qilinishining tarafdori. Birinchidan, bu bank mutlaq yangi mustaqil moliyaviy institut sifatida yaratilishi lozim. Ikkinchidan, uning faoliyati ShHTga kiruvchi davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi va tuzilmaviy islohotlarni ta'minlovchi investitsion loyihalarni amalga oshirishgagina qaratilishi kerak. Uchinchidan, bu bankning bosh qarorgohi bu moliyaviy institutning eng yirik donori bo‘ladigan mamlakatda joylashishi kerak. 

Rustam Azimovning aytishicha, O‘zbekiston, shuningdek, ShHTda kuzatuvchi va unga hamkor davlatlar bilan ham iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, tashkilot doirasidagi birgalikdagi faoliyat sohasiga ularning ulkan salohiyatini jalb qilish va birgalikda ishlashni kuchaytirish tarafdoridir.

 

Top