17:04 / 03.11.2016
6192

To‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati 1 mlrd dollarga yaqin bo‘lgan 77ta loyiha amalga oshirilmoqda

Foto: uzttiti.uz

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakat to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotan ishlar haqida so‘z yuritildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ayni paytda tarmoqda 2 ming 500 dan ortiq eksport qiluvchi korxona samarali faoliyat yuritib, ularda yuz mingdan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Bu korxonalarda gazlama va matolar, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari, zamonaviy choyshablar, gilamlar va boshqa raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

So‘nggi o‘n yil ichida tarmoqda izchil o‘sish sur'atlari ta'minlanib, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 4,3, mahsulotlar eksporti qariyb 4 barobarga o‘sdi. Ishlab chiqarish tarkibida tayyor mahsulotlarning ulushi 65 foizdan ortdi. Bugungi kunda yengil sanoat mahsulotlarining eksporti qiymati yiliga 1 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. Ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik hamda tayyor kiyim-kechak mahsulotlari jahonning 60 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda.

Paxta tolasini chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish orqali yurtimizda yengil sanoat tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli dasturlar ishlab chiqilayotir.

Jumladan, 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturi asosida to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollarga teng bo‘lgan 77 muhim loyiha amalga oshirilmoqda.

2017-2021 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish dasturi asosida umumiy qiymati 2,2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 140 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston yengil sanoatini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga mustahkam zamin yaratadi.

Anjumanda mutaxassislar jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Top