21:18 / 04.11.2016
14662

Malayziya O‘zbekistonning meva-sabzavotlariga katta qiziqish bildirmoqda

© Novosti Uzbekistana

2016 yil 8-10 noyabr kunlari 1-Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan mahalliy va xorijiy ishtirokchilar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Bu haqda Kun.uz nashriga “O‘zagroeksport” kompaniyasi ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi diplomatik missiyasining xabar berishicha, Malayziyada faoliyat olib borayotgan “AM Avenue Manufacturing Sdn. Bhd” kompaniyasi ijrochi direktori Zaid Abdulloh Abdulloh Al-Amdiy 8-10 noyabr kunlari o‘tkaziladigan xalqaro yarmarkada ishtirok etish, kelgusida O‘zbekiston korxonalari bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikni o‘rnatish, asal, quritilgan magiz va o‘rik importi bo‘yicha qiziqish bildirgan.

“AM Avenue Manufacturing Sdn. Bhd” kompaniyasi 2010 yil tashkil etilgan bo‘lib, tovar-ayirboshlash hajmi yiliga 10 million malayziya ringitini tashkil etadi (2,6 million AQSh dollari). “AM Avenue Manufacturing Sdn. Bhd” kompaniyasi keng ko‘lamdagi oziq-ovqat mahsulotlarini import qiladi. Bular meva sharbatlari, yong‘oq, shirinliklar, xurmo, biskvit hamda dukkakli mahsulotlar. Korxona eksportining asosiy qismini asal mahsuloti tashkil etadi. Shuningdek, “AM Avenue Manufacturing Sdn. Bhd” Turkiya, Saudiya Arabistoni hamda boshqa davlatlar yirik kompaniyalarining savdo agenti maqomiga ega.

“AM Avenue Manufacturing Sdn. Bhd” kompaniyasi joriy yilning 12-14 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan navbatdan tashqari Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida ishtirok etib, kompaniya tomonidan Samarqand viloyatining “Quyoshli Uzumzor” fermerlik xo‘jaligi bilan eksport shartnomasi imzoladi. Joriy yilning sentabr oyida dastlabki 200 kg o‘zbek asali Malayziyaga eksport qilindi va “Asia Forest” brendi ostida mamlakat savdo peshtaxtalaridan joy oldi. “AM Avenue Manufacturing Sdn. Bhd” kompaniyasi tomonidan o‘zbek asalini Malayziya bozoriga, xususan, Kuala-Lumpur shahri hududiga, olib kirish bo‘yicha marketing tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

 

Top