23:53 / 05.11.2016
15011

Shahrixon tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori lavozimidan ozod etildi

Foto: Flickr

O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirligida fuqarolar murojaati nazorati yanada kuchaytirish bo‘yicha maxsus hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelib tushgan fuqaro U.Mayirova murojaati yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida Shahrixon tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda vazirlikning Facebook'dagi sahifasi orqali ma'lum qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri A.Abduxakimov raisligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar va tumanlari hokimlarining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun talablarini so‘zsiz bajarish yuzasidan javobgarligi to‘g‘risida” 2016 yil 27 oktabrdagi 366-sonli qarorining vazirlik tizimida ijrosini so‘zsiz ta'minlanishi yuzasidan joriy yilning 4 noyabrida barcha mehnat organlari va tasarrufiy tashkilotlarning rahbar va mas'ul xodimlari ishtirokida maxsus Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mehnat vaziri har bir mehnat organlari rahbarlari va mas'ul xodimlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini o‘z vaqtida va to‘laqonli ta'minlash orqali, har bir fuqaro murojaatida ko‘tarilgan masalani mohiyatini anglash va uning to‘laqonli ijrosini ta'minlash eng asosiy dolzarb vazifa ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Joriy yilning 3 sentabridan 4 noyabriga qadar Bosh vazirning virtual qabulxonasiga 3 900 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 791 nafari (24%) Toshkent shahri, 670 nafari (15%) Toshkent viloyati, 496 nafari (13%) esa Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur murojaatlar ko‘rib chiqilib, murojaatda keltirilgan masalalarni belgilangan muddatda ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Ammo, murojaatlarni ko‘rib chiqish masalaga ayrim mehnat organlari rahbarlari tomonidan mas'uliyatsizlik bilan sansalorlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, ishga joylashish masalasi yuzasidan amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga murojaat qilgan fuqaro U.Mayirova murojaati telefon orqali bog‘lanish imkoni bo‘lmaganligi bahonasi bilan anonim deb topilgan holda o‘rganib chiqilmagan va fuqaro murojaatini hal qilish chorasi ko‘rilmaganligi uchun Mehnat vazirligining Hay'at yig‘ilishi qaroriga asosan Shahrixon tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori O.O‘rinboyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Fuqaro U.Mairova esa joriy yil 21 oktabrdan boshlab tumandagi 17-maktabgacha ta'lim muassasasiga tarbiyachi vazifasiga ishga joylashtirildi.

Yig‘ilish davomida Mehnat vazirligining ish.mehnat.uz vakansiyalar bazasini to‘ldirishga, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning sifatini oshirishga alohida e'tibor qaratish lozimligi haqida to‘xtalib o‘tildi. Hozirgi kunda vakansiyalar bazasida 68 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bo‘lib, ushbu baza orqali fuqarolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashash manzili bo‘yicha o‘ziga maqbul ish qidirish imkoniyatlari to‘liq yaratilgan.

Shu bilan birga fuqarolarning mehnat munosabatlariga oid masalari yuzasidan mahalla va qishloq fuqarolar yig‘iniga chiqqan holda fuqarolarni har kuni soat 8:00 dan soat 11:00 gacha sayyor qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. 
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining (0-371) 2000-600 raqamli “Yagona aloqa” markazi (Call-center) kunu-tun, ya'ni haftasiga 7 kun va kuniga 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda. “Yagona aloqa” markaziga jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini va shikoyatlarini qoldirishlari hamda qiziqtirgan savollariga javob olishlari, eng asosiysi ish qidirayotgan fuqarolar mavjud vakansiyalar haqida ma'lumot olishlari mumkin.

Yaqin kunlarda, Vazirning hududlardagi fuqarolar bilan mobil aloqa vositalaridan foydalangan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn video suhbat tashkil etish, tegishli reklama (videoroliklar) tayyorlanib, markaziy va mahalliy telekanallar orqali yoritish rejalashtirildi. Ushbu masala yuzasidan OAV bilan keng hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Xususan, bugungi kunda vazirlik markaziy apparati va uning joylardagi tuzilmaviy organlariga korxona, tashkilotlardan va fuqarolardan, birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali kelib tushayotgan murojaatlar ijrosi nazoratini kuchaytirish maqsadida Mehnat vazirining virtual qabulxonasi vazir.mehnat.uz ishga tushirildi. Ushbu virtual qabulxona sodda va oddiy tilda ishlab chiqilgan bo‘lib, unga yo‘llangan barcha murojjatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi tizimli nazoratga olingan.

Yig‘ilish davomida murojaatlarni ko‘rib chiqishda va sayyor qabullarni tashkil etishda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan ayrim mas'ul xodimlarga tegishli intizomiy choralari ko‘rildi va mehnat organlari oldida turgan aniq vazifalar belgilanib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Mehnat vazirligining Axborot xizmati

Top