07:17 / 07.11.2016
5685

OAV: Tramp tvitterdagi akkauntini boshqarishdan chetlatildi

Foto: David Zalubowski / AP

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Tramp yordamchilari tomonidan tvitterdagi akkauntini boshqarishdan chetlatildi. Tramp bu akkaunti orqali bir necha marotaba o‘z raqiblariga ta'nalar bildirgan. Bu haqda The Hill xabar bermoqda.

Jumladan, Trampning tvitterdagi AQSh prezidenti Barak Obama Xillari Klintonning saylov kampaniyasida ishtirok etmasligi haqidagi xabar uning matbuot kotibi Xoup Xiks tomonidan chop etilgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Trampning tvitterdagi akkauntiga 13 mln foydalanuvchi obuna bo‘lgan. Tramp bu akkauntlarida o‘zining siyosiy raqiblarini haqorat qilish va ba'zi masalalarga "filtrlanmagan fikrlarni" bildirishga yo‘l qo‘ygan. Ta'kidlanishicha, Trampning aynan shu "qilmishlari" uning saylovoldi shtabi a'zolariga "bosh og‘rig‘i" bo‘lgan.

25 oktabrda The New York Times nashri Tramp tvitterda haqorat qilgan odamlar va joylar ro‘yxatini chop etdi. Ro‘yxat 281 ta nomdan iborat. Tramp o‘zining akkauntida nafaqat AQSh Respublikachilar va Demokratlar partiyalari vakillarini, balki OAV, hattoki butun davlatlarni ham "siylab o‘tgan".

Misol uchun, Tramp Xitoyni "dahshatli davlat", Obamani esa "zaif va besamar", The Wall Street Journal nashrini esa "tabloidga (mish-mishlar tarqatuvchi) o‘xshash" deb atagan. Biroq Tramp tomonidan haqoratga uchragan odamlar orasida Klinton alohida o‘rin tutadi: milliarder o‘zining asosiy raqibiga 300 dan ko‘proq zardali xabarlarini "bag‘ishlagan".

Mavzuga oid
Top