12:50 / 07.11.2016
17260

Shimoliy koreyalik darvozabonga O‘zbekiston o‘smirlaridan o‘tkazilgan bitta gol uchun bir yillik jazo

O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati guruh bosqichida O‘zbekiston U-16 termasi darvozabonidan g‘alati gol o‘tkazib yuborgan KXDR posboni 2017 yilgi jahon chempionatidan chetlatildi

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) KXDR U-16 terma jamoasi darvozaboni Jan Pak Xoni bir oy muqaddam O‘zbekiston o‘smirlar termasiga qarshi (1:3) Osiyo chempionati 3-tur uchrashuvida g‘alati gol o‘tkazib yuborgani uchun yosh darvozabon ishini ko‘rib chiqdi.

O‘sha voqea ro‘y berishidan oldin koreyaliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonib turgandi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi darvozaboni Jasurbek Umrzoqov KXDRga qarshi o‘yinning 49-daqiqasida sheriklarini oldinga boshlash uchun to‘pni tepib yubordi. Raqib jarima maydoni tomon uchib ketayotgan to‘pni qaytarish uchun esa koreyalik darvozabon yugurib chiqdi va to‘p Jan Pak Xo ustidan o‘tib ketdi. To‘pga yetib olmoqchi bo‘lgan posbon yiqildi hamda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi.

Bu uchrashuv O‘zbekiston vakillarining 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan va jamoa guruhda birinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqichga chiqqandi. Ammo Temur Olimxo‘jayev shogirdlari chorak finalda Iroq U-16 terma jamoasiga imkoniyatni boy berib, JCh–2017 yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi. Koreyslar ikkinchi o‘rin egallangani evaziga esa nisbatan osonroq raqibga duch keldi va yarim finalga o‘tib, JCh yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Komissiya koreyalik posbon g‘alati golni atayin o‘tkazib yuborgan deb topdi va uni o‘smirlar o‘rtasidagi JCh–2017 turniridan chetlatdi. Shuningdek, unga nisbatan 12 oylik diskvalifikatsiya qo‘llagan. Jamoa murabbiyi Yung Yong Su ham turnirdan chetlatilgan.

Bundan tashqari, darvozabonga 4 ming funt, murabbiyga 800 funt miqdorida jarima qo‘llangan. KXDR futbol federatsiyasi esa 16 ming funt jarima to‘laydi.

Mavzuga oid
Top