14:35 / 09.11.2016
40099

Saylovlar yakunlandi. Amerikada yangi inqilobchi prezident

Foto: Reuters

8 noyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari mamlakatning kelgusi 4 yildagi siyosatini belgilab olish borasida o‘z qarashlarini bildirishdi. Bu haqda, Kun.uz sayti tezkor xabarlarni taqdim etib bordi. 

Aytish joizki, ko‘pchilik ekspertlar, 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovoldi kampaniyasi ham o‘ta qizg‘in va bahs-munozaralarga boy bo‘lgan. Nomzodlar bir-birlarining g‘ururi va obro‘sini poymol qilishgacha borishgan. Hatto, davlat rahbari Barak Obama, avvalgi prezidentlarda kuzatilmagan saylovoldi faolligini namoyish etgan va o‘z partiyadoshi Hillari Klintonni yelkama-yelka qo‘llab quvvatlagan. 

Mamlakatning 50 shtati va Kolumbiya federal okrugidagi ovoz byulletenlariga Hillari Klinton, Donald Tramp va Libertarian partiyasi nomzodi Geri Jonson ismi-sharifi kiritildi. "Yashillar" nomzodi Jill Steyn esa 45ta shtatdagi byulletenlarda qayd etildi. 

Saylovlardan avval, so‘nggi bor o‘tkazilgan umummilliy ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Klintonni saylovchilarning 45-47 foizi, Trampni 41-43 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. Jonsonga 5-6 foiz, Steynga 2 foizga yaqin saylovchilar ovoz berishi mumkinligi aytilgan edi. 

Bu safargi saylovlarda, AQSh tarixida ilk marta 200 mlndan ortiq saylovchi o‘z huquqidan foydalangan. Ularning sezilarli qismi saylov kunigacha o‘zlarining siyosiy qarashini izhor qilishga ulgurgan. US Elections Project tadqiqot xizmatiga ko‘ra, muddatidan avval ovoz berish huquqidan 41,1 mln saylovchi foydalangan. 

Aytish joizki, Amerikadagi prezidentni saylash jarayoni boshqa mamlakatlardagi bevosita saylovlardan sezilarli farq qiladi. Aslida, saylovchilar byulletendagi nomzod nomini belgilash bilan har bir shtatdan AQSh prezidentini saylash huquqiga ega bo‘luvchi saylovchilarga ovoz bergan bo‘lishadi. Shu bilan birga, shtatda qaysi nomzod g‘olib chiqsa, ushbu hududdan saylovchilar ovozi to‘lig‘icha unga beriladi. Bunda, raqib tomonga berilgan ovozlar soni inobatga o‘tmaydi. 

Saylovchilar bevosita prezident va vitse-prezidentni saylashmaydi, aksincha davlat rahbarini saylaydigan, ta'bir joiz bo‘lsa, vositachilarni saylashadi. Ularning umumiy soni Vakillar palatasi va senatorlar, Kolumbiya federal okrugidan uch vakilning jami soniga teng bo‘ladi. Shunday qilib, 538 kishidan iborat saylovchilar kollegiyasining qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun prezidentlikka nomzod ushbu kollegiyada o‘zining tarafdorlari sonini kamida 270 nafarga yetkazishi kerak. Nebraska va Men shtatlaridan tashqari barcha shtatlardagi qoidaga ko‘ra, aksariyat ko‘pchilik ovozni to‘play olgan nomzod ushbu shtat saylovchi-vositachilarining umumiy soniga egalik qiladi.

Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, Donald Tramp Saylovchilar kollegiyasida 288 nafar tarafdorga ega bo‘lish bilan o‘zining ishonchli g‘alabasiga erishgan. Hillari Klinton 215 nafar saylovchini o‘z tarafiga og‘dirishga erisha olgan. 

Odatda, Oq uy rahbarligi uchun kurash g‘olibi saylovlar kunining kechasida aniq bo‘lsa-da, uni rasman yakunlash jarayoni biroz uzoqqa cho‘ziladi. Faqatgina 19 dekabrda Saylovchilar kollegiyasi yangi prezident va vitse-prezident uchun ovoz berishadi. 2017 yil 20 yanvarda yangi prezident qasamyod qabul qiladi va vazifasini bajarishga kirishadi. 

Saylovchilar ovozi hisoblangach, vositachilar soni 270 nafarga yetgan nomzod saylovda g‘alaba qozongan hisoblanadi. Mag‘lub bo‘lgan tomon esa, an'anaga ko‘ra, oshkora mag‘lubiyatini tan olishi va raqibini g‘alaba bilan qutlashi kerak. Ayni shu jarayon, yangi saylangan prezidentning "qonuniy g‘olib deb tan olinishi yo‘lidagi ilk qadam hisoblanadi". 

Top