16:31 / 09.11.2016
6096

Narimon Umarov buxorolik saylovchilarning savollariga javob qaytardi

Foto: Adolat SDP Matbuot xizmati

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov saylovoldi tashviqoti doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 9 noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan o‘tkazdi.

Ochiq va jonli muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda asosiy uchrashuv joyi hamda tuman, shaharlardan jami 2600 nafardan ortiq saylovchilar, jumladan, keng jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, mahallalar faollari, partiya a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston “Adolat” SDP Buxoro viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari D.Hamdamova olib bordi. Narimon Umarovning ishonchli vakili – xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati, viloyat partiya Kengashi raisi A.Tursunov yig‘ilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

Narimon Umarov buxorolik saylovchilarga murojaat qilar ekan, bu tabarruk zamin muqaddas Islom dini quvvat olgan Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiydek din peshvolarini, Abu Ali ibn Sinodek yetuk mutafakkir va olimlarni yetishtirib bergan yurt sifatida butun dunyoga mashhur ekanligini e'tirof etdi. Istiqlol yillarida navqiron Buxoro shahrining ko‘rki va go‘zalligi yanada ortgani, bugungi kunda shahar nafaqat o‘zining betakror obidalari, ming yillarga borib taqaladigan madaniyati bilan balki zamonaviy mehmonxonalari, ta'lim muassasalari, sport komplekslari, teatr va madaniyat saroylari, go‘zal bog‘lari-yu, favvoralari bilan bu yerga tashrif buyurgan sayyohlarni mahliyo etayotgani haqidagi iliq fikrlar saylovchilarni xushnud etdi.

Uchrashuv ishtirokchilari, ayniqsa, Prezidentlikka nomzodning o‘z Saylovoldi dasturida belgilagan ustuvor g‘oya va vazifalar haqidagi ma'ruzasini katta qiziqish bilan tingladilar.

Shuningdek, N.Umarovning bugungi kunda aholi o‘rtasida talab oshib borayotgan tibbiy muolajalarga, xususan, transplantologiyaga, ekstrakorporal urug‘lantirish va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlarga ruxsat berish tarafdori ekanligi, qolaversa, xorijning yetuk tibbiyot markazlari bilan hamkorlik o‘rnatish, chet el vrachlarini O‘zbekistonning tibbiy muassasalarida jarrohlik operatsiyalari o‘tkazish amaliyotini kengaytirish, ularni doimiy asosda ishga taklif qilish orqali milliy mutaxassislarimizning malakasini oshirishga doir takliflari saylovchilar tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.

Prezidentlikka nomzod uchrashuv ishtirokchilarining o‘z Saylovoldi dasturi, hududni va umuman, respublikani rivojlantirishga doir ko‘plab savollariga javob qaytardi.

Top