15:51 / 09.11.2016
9623

Trampga butun dunyodan tabriklar kelib tushmoqda

Foto: AFP

Davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari AQSh prezidenti etib saylangan Donald Trampga o‘z tabriklarini yo‘llashmoqda. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Trampni qutlab, u bilan tez kunlarda uchrashishni intizorlik bilan kutayotganini ma'lum qildi va transatlantik aloqalarning muhimligini yodga soldi. 

Yevroparlament rahbari Martin Shults esa AQShning yangi saylangan prezidenti "Yevroittifoqning barcha institutlari ehtiromiga loyiqligi"ni ta'kidladi. 

O‘z navbatida, Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysman amerikaliklarni yangi prezident saylanganligi bilan tabrikladi hamda "yangi ma'muriyat Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi"ga umid bildirdi. 

Shuningdek Trampga Buyuk Britaniya, Ispaniya, Vengriya, Turkiya, Misr, Yaponiya va boshqa ko‘plab mamlakatlardan tabriklar kelib tushmoqda. 

Barak Obamani haqorat qilgan Filippin prezidenti Rodrigo Duterte esa "Trampni g‘alaba bilan chin dildan qutlash istagi" haqida ma'lum qildi. 

Bundan avval Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Trampga tabrik telegrammasi yuborgani hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni ijobiy tomonga o‘zgartirishga umid bildirgani to‘g‘risida xabar berildi. 

9 noyabr, chorshanba kuni respublikachi Donald Tramp saylovchilarning yetarlicha ovozini to‘plab, AQSh prezidenti saylovlarida g‘alaba qozondi. Tramp Hillari Klintonning unga qo‘ng‘iroq qilgani va saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olgani haqida ma'lum qildi.

Top