09:09 / 10.11.2016
5446

Berni Sanders Donald Tramp bilan hamkorlik qilishiga oydinlik kiritdi

Foto: © RIA

Demokratlar partiyasidan Hillari Klintonning saylovoldi kampaniyasidagi raqiblaridan biri, Vermont shtati senatori Berni Sanders AQSh prezidentligiga saylangan respublikachi Donald Tramp bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda, senatorning rasmiy saytida e'lon qilingan bayonotda so‘z yuritilgan. 

"Donald Tramp o‘rta sinf yo‘qolib borishidan g‘azabini izhor qildi, unga hukumatdagilarning iqtisodiy tizimi, siyosati va OAV yoqmadi", - deb ta'kidlagan senator. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh fuqarolari "kam haq evaziga ko‘p ishlashdan va munosib haq to‘lanadigan ishlar Xitoy hamda boshqa mamlakatlarga ketib qolayotganidan", "eng boylar esa yanada boyib borayotganidan charchagan".

"Tramp mamlakatdagi ishchi oilalarning turmushini yaxshilashga qaratilgan siyosatni jiddiy tarzda yuritish ahdida turar ekan, men va taraqqiyotning boshqa tarafdorlari u bilan ishlashga tayyormiz", - deb uqdirgan Sanders. Shu bilan birga, senatorning ishontirishicha, agar respublikachi prezident "irqiy, insonlarga nafrat va atrof-muhitga qarshi siyosatni yuritishni olib borgudek bo‘lsa" Sanders unga keskin kurash olib boradi.

Sanders Demokratik partiyaning saralash bochqichida Klinton bilan kurashgan, ammo mag‘lub bo‘lgandi. Shu yilning iyul oyida u prezidentlik kurashidan chiqdi va sobiq raqibasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

8 noyabr kuni AQSh prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Donald Tramp 289 saylovchining ovozini to‘plashga muvaffaq bo‘lib, Klinton bilan kurashda g‘olib bo‘ldi. 

 

Top