14:28 / 10.11.2016
16280

Dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi 15 murabbiyi

Foto: © Getty Images

Portugaliyalik mutaxassis Andre Villash-Boash Xitoyning «Shanxay-SIPG» klubiga bosh murabbiy qilib tayinlangach, dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi murabbiylari orasida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Quyida faqat klublarda faoliyat ko‘rsatadigan eng ko‘p maosh oladigan murabbiylar xususida so‘z yuritamiz. 

1. Xosep Gvardiola, «Manchester Siti» - 16,8 mln yevro

"Manchester Siti" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola bu ro‘yxatda birinchi o‘rinda turibdi. "Shaharliklar" bilan tuzgan shartnomasiga ko‘ra, u yiliga 16,8 million yevro miqdorida maosh oladi. Uning qo‘l ostida jamoa chempionatni juda yaxshi boshlagan edi. Biroq oxirgi turlarga kelib "shaharliklar" o‘yinida pasayishlar kuzatilmoqda. 

2. Joze Mourino, «Manchester Yunayted» - 15,5 mln yevro

Portugaliyalik mutaxassis "Manchester Yunayted"da faoliyatini boshladi. U klubdagi ishlagan vaqtidagi har bir yili uchun 15,5 million yevrodan maosh oladi. Aytish kerakki, Jozening ham ishlari avvaligdek emas. Jamoa turdan-turga ochkolarni yo‘qotmoqda. Mag‘lubiyatlar "Manchester Yunayted"ni tark etmayapti. 

3. Andre Villash-Boash, «Shanxay-SIPG» - 12,3 mln yevro

"Chelsi", "Tottenhem", "Zenit" klublaridagi faoliyati bilan tanilgan Andre Villash-Boashga Xitoydan taklif kutilmaganda ro‘y berdi. "Shanxay SIPG" moliyaviy tomonlama juda baquvvat jamoa ekanligi hech kimga sir emas. Sven Yoran Eriksson ketganidan keyin bu murabbiyga taklif bilan chiqishdi. O‘z navbatida Villash-Boashga Yevropa klublaridan jiddiy taklif bo‘lavermaganidan keyin u chin yurtida faoliyat olib borishni lozim topdi. 

4. Karlo Anchelotti, «Bavariya» - 10 mln yevro

Tinib-tinchimas bu murabbiy ham "Bavariya"da kam maosh olmaydi. Yiliga 10 million limonga ega bo‘ladi. Agar klub qo‘yilgan vazifalarini uddasidan chiqsa, Anchelotti yanada ko‘p mablag‘ga ega bo‘ladi. 

5. Arsen Venger, «Arsenal» - 9,3 mln yevro

"Arsenal"ni uzoq yillardan beri boshqarib kelayotgan Arsen Vengerning maoshi hamon kamtarona bo‘lib kelmoqda. Klub Vengerning dunyodagi eng ko‘p maosh oladigan murabbiy qatoriga kiritmagan. Tez orada tomonlar yangi shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Shunda Vengerning maoshi ko‘tarilishi mumkin. 

6. Zayniddin Zidan, «Real» - 9 mln yevro

Fransiyalik afsonaviy futbolchi "Real"ni yomon boshqarmayapti. Florentino Peres Zidanga to‘liq ishonmoqda. Biroq Zidan avvalgi murabbiylarga qaraganda klubda kam maosh olmoqda. Mourino, Anchelotti ishlagan kezlarida "Real"da juda katta maosh olishgan. Zidan esa yiliga 9 million yevro maosh olmoqda. Hozircha bu unga yetarli bo‘lmoqda. 

7. Yurgen Klopp, «Liverpul» - 7,8 mln yevro

"Liverpul"ni jiddiy o‘zgartira olgan Klopp ham APLdagi eng boy murabbiylar qatorida 4-o‘rinda turadi. U "mersisaydliklar"da yiliga 7,8 million yevro maosh oladi. Klubning bu yilgi ko‘rsatayotgan natijalari tufayli rahbariyat Klopp bilan yangi shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Yangi shartnoma orqali Klopp maoshini oshirib olishi mumkin.

8. Luis Enrike, «Barselona» - 7,8 mln yevro

Enrike ham tez orada "Barselona" bilan yangi shartnoma imzolaydi. Agar kelishuv amalga oshsa, Luisning ham maoshida keskin o‘zgarish kuzatiladi. Hozirda u Yurgen Klopp bilan bir xil miqdorda maosh olmoqda. Yangi bitim orqali u maoshini ko‘tarib olishi kutilmoqda. 

9. Antonio Konte, «Chelsi» - 7,3 mln yevro

Italiyalik murabbiy Antonio Konte ham yaxshi daromad egasiga aylanmoqda. "Chelsi" oxirgi o‘yinlarida natijalarini yaxshilamoqda. Natijada, Roman Abramovich Konte bilan kelishuvni uzaytirmoqchi. 

10. Ronald Kuman, «Everton» - 6,7 mln yevro

O‘nlikdan "Everton" bosh murabbiyi Ronald Kuman joy oldi. "Iris"larni boshqargani uchun u yiliga 6,87 million yevro maosh olmoqda. "Sauthempton"da ishlagan vaqtida esa u bundandan kamroq maoshga ega bo‘lardi. Yangi klubdan bo‘lgan chorlovning asosiy sababi Kumanga yaxshi maosh taklif qilingani bo‘ldi. 

11. Unai Emeri, «PSJ» - 6,3 mln yevro

PSJning yangi bosh murabbiyi yiliga 6,3 million yevro maosh oladi. Avvalgi murabbiylarga qaraganda, u kam ko‘rsatkich. Emeri jamoani qabul qilib olganidan beri natijalarda pasayish bo‘lmoqda. Klub Fransiya chempionatida peshqadamlik qila olmayapti. Bunga Emerining klub muhitiga moslashib keta olmaganligi sabab bo‘lmoqda. 

12. Maurisio Pochettino, «Tottenxem» - 6 mln yevro


"Tottenhem"ning o‘rtamiyonalar qatoridan grandga olib chiqqan Pochettino ham dunyoda eng ko‘p maosh oladigan murabbiylardan biri hisoblanadi. Hozirda "shporlar" rahbariyati Pochettino xizmatiga yiliga 6 million yevro miqdorida maosh to‘lamoqda. 

13. Rafael Benites, «Nyukasl» - 5 mln yevro

Benites ayni vaqtda elit ligada ishlamayotgan bo‘lishiga qaramay, ko‘p maosh olmoqda. "Nyukasl" hozirda chempionshipda to‘p surmoqda. Ispaniyalik mutaxasssis esa yiliga 5 million yevrodan maosh olmoqda. 

14. Diyego Simeone, «Atletiko» - 4,9 mln yevro

"Atletiko"ni yuqori darajaga olib chiqayotgan Diyego Simeone yiliga 4,9 million yevro maosh olmoqda. U ham tez orada klub bilan yangi shartnoma imzolaydi. Shu orqali Simeone moliyaviy imkoniyatlarini yanada ko‘tarib olishi kutilmoqda. 

15. Massimilliano Allegri, «Yuventus» - 4 mln yevro

Oxirgi 15-o‘rinni esa Massimilliano Allegri egalladi. Turin klubi ustozi esa yiliga 4 million yevrodan maosh olmoqda. Lekin bu ko‘rsatkich Italiya A seriyasi jamoalari orasida yetakchidir. Italiyalik murabbiylar qatorida esa Allegri uchinchi o‘rindan joy olgan.

Top