15:59 / 10.11.2016
4460

ShHT ASEAN mamlakatlari bilan hamkorlikdan manfaatdor

Foto: Twitter/mfa_russia

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari  Assotsiatsiyasi (JShODA-ASEAN) bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdordir. ShHT bosh kotibi Rashid Alimov ASEAN mamlakatlari elchilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida shunday bayonot bergan, deb xabar qilmoqda TASS agentligi. 

"Mintaqaviy tashkilotlarning o‘rni tobora o‘smoqda, ularning jahon geosiyosiy kun tartibiga ta'siri kuchayib borayapti. Bu globallashuv va xalqaro munosabatlarning hozirgi bosqichidagi mintaqalashuv bilan o‘zaro bog‘liqlik tendensiyasini xolis aks ettiradi", - degan Alimov uchrashuv nihoyasida. 

Uning fikricha, "ASEAN Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yetakchi xalqaro tuzilmalardan biri hisoblanadi. Sharqiy Yevroosiyo hududida esa, ko‘pchilik tan olganidek ShHT yetakchi tashkilotdir". 

ShHT va ASEAN o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga terrorizm va transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalar va qurol-yarog‘lar kontrabandasi, noqonuniy daromadlar o‘tkazmasi va noqonuniy muhojirlikka qarshi kurash, xo‘jalik va moliya, atrof-muhitni himoya qilish sohalarini kiritish mumkin. 

Shu munosabat bilan, Alimovning bildirishicha, ikki tashkilot kotibiyatlari o‘rtasidagi anglashuv memorandumining yangilangan loyihasi tayyorlangan bo‘lib, mazkur hujjat ShHTning 2017 yil 9 iyunda bo‘lajak Ostona sammitida imzolanishi ham mumkin. 

Top