14:31 / 10.11.2016
5189

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi

Foto: adolat.uz

Mamlakatimiz fuqarolarining siyosiy ongi va madaniyati, yurt taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi yanada oshganligi shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning joylarda o‘tkazayotgan uchrashuvlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, bu yilgi saylovoldi tashviqotida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda har bir tuman va shaharda uchrashuvlarni onlayn videokonferensiya tarzida tashkil etilayotgani aholining keng qatlamiga Prezidentlikka nomzodlar va ularning saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatini yaratmoqda.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarovning 10 noyabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi ham boshqa hududlardagi singari saylovchilarning yuqori darajadagi faolligi ostida bo‘lib o‘tdi.

Nomzod bilan uchrashuvda deputatlar, shahardagi korxona va tashkilotlar xodimlari, mahallalar faollari, talaba-yoshlar, “Adolat” SDP a'zolari hamda jurnalistlardan iborat jami 700 nafardan ziyod saylovchi ishtirok etdi.

Uchrashuvni Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti direktori A.Saidov olib bordi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili — Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi direktori N.Muxammedov poytaxtliklarni Narimon Umarovning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov nutq so‘zladi. U, jumladan, poytaxtimiz bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqamizning yuksak taraqqiy etgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-moliyaviy va ma'naviy-ma'rifiy markazi ekanligi, ayniqsa, istiqlol yillarida Toshkent shahri qudratli sanoat va transport-kommunikatsiya tarmoqlari, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmalarni o‘zida mujassam etgan yirik megapolisga aylanganligini e'tirof etdi.

Narimon Umarov saylovchilarga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi maqsad va vazifalari asosida ishlab chiqilgan Saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon qilar ekan, xalqimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratishga qaratilgan yangi vazifalarni, marralarni belgilash va ularga erishish borasidagi sa'y-harakatlarni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarish asosiy maqsadi ekanligini bildirdi.

U shuningdek, davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta'minlash, siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta'minlanishi uchun bor kuchini safarbar etishga va'da berdi.

N.Umarov poytaxt uy-joy bozorida oldi-sotdi va ijara munosabatlarining faolligi, bu borada turli qonun buzilishi va huquqbuzarlik holatlari uchrab turishi, qolaversa, uy-joy fondining kattaligi, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholining kommunal to‘lovlarga sezuvchanligi kabi Toshkent shahriga xos ayrim ijtimoiy masalalarga saylovchilar e'tiborini qaratib, ularning yechimi yuzasidan o‘z dasturiy takliflarini ilgari surdi.

Xususan, aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy bozoridagi firibgarliklar uchun javobgarlikni va nazoratni kuchaytirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to‘lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko‘rsatadigan muqobil tashkilotlar o‘rtasidagi raqobatni oshirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni amalga oshirishini qayd etdi.

Shu bilan birga, poytaxtimizda bunyod etilayotgan zamonaviy uy-joylarning loyihasini ishlab chiqishda ularga innovatsion, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga e'tibor qaratish lozimligini ta'kidladi.

Nomzod saylovoldi tashviqoti doirasida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar unga nafaqat o‘z dasturini taqdim etish, balki saylovchilarning fikr va intilishlarini yaqindan bilish imkonini berayotganini qayd etdi hamda saylovchilarning ko‘plab savollariga javob qaytardi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati U.Samatov, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati O.Abdullayeva, Toshkent moliya instituti dekani U.Radjabov, Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Chilonzor tuman bo‘limi boshlig‘i G.Murodova, Toshkent shahar vrachlar malakasini oshirish instituti Oftalmologiya kafedrasi assistenti L.Maqsudova va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab so‘zga chiqdi va poytaxtimiz aholisini shu yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Top