19:55 / 11.11.2016
4576

Sarvar Otamuratov Sirdaryoda o‘z saylovoldi dasturini o‘qib eshittirdi

11 noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Sirdaryo viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zMTDP Sirdaryo viloyat kengashi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a'zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirni Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Sirdaryo viloyati filiali direktori Jamoliddin Komilov ochib berdi va olib bordi.

Uchrashuv Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarining saylovchilari bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi. 

Dastlab nomzodning hududdagi ishonchli vakili Norbobo Soatov  yig‘ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng nomzod saylovoldi Dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon etdi. 

Nomzod joriy yilning 4 dekabrida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi mamlakatimiz, xalqimiz qatorida sirdaryoliklar hayotida ham g‘oyat muhim o‘rin tutadigan ijtimoiy-siyosiy tadbir ekanligini alohida e'tirof etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov ta'kidlaganidek, mustaqil O‘zbekiston tarixining hozirgi davrida oldimizda nihoyatda mas'uliyatli vazifa turibdi. Shularni inobatga olgan holda, nomzod Dasturida yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni barqaror rivojlantirish, xalqimiz farovonligini izchil yuksaltirib borish, Vatanimizning dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi yo‘lidagi ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha strategik va ustuvor vazifalar belgilangan.

Shuningdek, uchrashuvda Sarvar Otamuratov Dasturda siyosiy va sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy, axborot, sport va tashqi siyosat sohalarida belgilangan jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tarishning eng maqbul yechim va ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Bu kabi vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv so‘ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.

 

Top