14:31 / 13.11.2016
6796

AQSh Afg‘onistondagi elchixonasini yopib qo‘ydi

Foto: © RIA Novosti

Bugun, 13 noyabr kuni AQShning Afg‘onistondagi elchixonasi "xavfsizlik nuqtai nazari"dan yopib qo‘yildi. Bu haqda Associated Press xabar bergan.

Diplomatik missiyani yopish qarori jangarilar Kobul yaqinidagi "Bagram" bazasiga hujum qilganidan keyin qabul qilingan. Bu hujum oqibatida amerikalik 2 askar va 2 nafar shartnoma asosidagi harbiy halok bo‘lgandi.

2 kun oldin esa Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahri yaqinidagi Germaniya konsulxonasiga hujum uyushtirilgan va 6 kishi qurbon bo‘lib, 100dan ortiq kishi jarohatlangandi. 

AQShning Afg‘onistondagi elchixonasi saytida amerikaliklarga Afg‘onistonga safar qilishdan tiyilish tavsiya etilgan.

2015 yilning 1 yanvaridan buyon Afg‘onistonda NATOning qo‘llab-quvvatlash missiyasi saqlanib qolmoqda. NATO va Afg‘oniston o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvga ko‘ra, mamlakatda afg‘on harbiylarini o‘qitish va qurolli kuchlar tuzilmalarini takomillashtirish maqsadida 12 ming harbiy qoldirilgan. Missiya noharbiy deb e'lon qilingan.

Top