18:38 / 13.11.2016
6856

Yangi Zelandiya qirg‘oqlari yaqinida yana bir kuchli zilzila qayd etildi, sunami xavfi bor

Foto: VVS

Yangi Zelandiya qirg‘oqlari yaqinida kun davomida ikkinchi kuchli zilzila kuzatildi. Yevropa O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazi ma'lumotiga ko‘ra, navbatdagi zilzila kuchi 7,9 ballni tashkil qilgan.

Ilgariroq bir qator nashrlar zilzila kuchi 7,5 magnitudani tashkil etganini ma'lum qilgan edi.

Silkinishlar Amberli shahridan 56 kilometr shimolda kuzatildi. Zilzila chuqurligi — 10 kilometr.

Mintaqada yana ikkita zilzila qayd qilindi. 6,2 magnitudali ikkinchi zilzila mamlakat poytaxti Vellingtondan 148 kilometr janubi-g‘arbda, 5,7 magnitudali uchinchi silkinish esa poytaxtdan 76 kilometr janubi-g‘arbda kuzatilgan.

Yangi Zelandiya fuqarolik mudofaasi va favqulodda vaziyatlar vazirligi janubiy orolning sharqiy sohilida sunami xavfini e'lon qildi. Ushbu hududda istiqomat qiluvchilarga balandroq joylarga o‘tish tavsiya etildi.

Yangi Zelandiya Tinch okeanining "olovli belbog‘i" — vulqonlar va tektonik harakatlar faol bo‘lgan hududda (40 ming kilometr) joylashgan. Bu "belbog‘" Tinch okeanining g‘arbiy chekkalaridan Janubiy va Shimoliy Amerikagacha (Alyaskaning janubiy chekkalari, Yaponiya, Filippin, Indoneziya, Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya hamda Okeaniyaning janubi-g‘arbiy qismlari bo‘ylab o‘tadi. Aynan "Olovli halqa"da sayyoraning asosiy vulqonlari joylashgan. Shuningdek, bu hududga yer yuzida ro‘y beradigan zilzilalarning  90 foizi to‘g‘ri keladi.

Top