18:17 / 13.11.2016
6872

Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi g‘alabaga yordam bergani haqida aytdi

Foto: Reuters

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning hisoblashicha, ijtimoiy tarmoqlar ovoz berish jarayonlariga katta ta'sir ko‘rsatdi. U bu haqda CBS telekanalining "60 daqiqa" ko‘rsatuvi efirida so‘zlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan onlayn-servislar unga saylovoldi kampaniyasida odatdagidan ko‘ra ancha kamroq mablag‘ sarflashiga imkon bergan.

"Mening ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchilarim soni 28 milliondan ortiq. Men rostdan ham "Feysbuk",  "Tvitter", "Instagram" va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi faolligim menga prezidentlik saylovida g‘alabaga erishishimga zamin yaratdi. Men ijtimoiy tarmoqlar tufayli katta miqdordagi mablag‘lar sarflanadigan an'anaviy saylovoldi kampaniyasidan qutuldim. Men shunday yo‘l muvaffaqiyatli ekanini isbotladim", — degan Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy rahbari uchun tvitterda ochilgan akkauntdan foydalanish imkoniyatlari cheklangan. 

"Men endi tvitterda o‘zimni vazmin tutaman. Umuman olganda yozishga vaqtim bo‘lsa", — degan milliarder.

Bundan oldinroq, Trampning tvitterdagi akkaunti demokratlar bu nomzodning tvitterdagi tvitlari uchun kula boshlashgach, uning yordamchilari tomonidan nazoratga olingani va nomzodning o‘zi chetlatilgani haqida xabar qilingandi. Lekin keyinroq respublikachilar shtabi bu xabarlarni rad qildi.

Top