16:29 / 14.11.2016
14800

Peskov Putinning Trampga yo‘llagan maktubiga oydinlik kiritdi

Foto: AP

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, davlat rahbarining AQSh yangi saylangan prezidenti Donald Trampga yo‘llagan maktubida nima haqda gap borganligini ma'lum qildi. 

"Bu tabriknoma edi, unda Putin Trampni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan  tabrikladi. Biz uning qisqa mazmunini e'lon qilgan edik", — degan matbuot kotibi. 

Avvalroq, Donald Tramp, The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida Putindan "ajoyib" maktub olganini aytgan va "tez orada ularning telefon orqali muloqoti belgilangan"ini ta'kidlagan edi. 

Jurnalistlar Moskvaning Trampni Rossiyaga taklif qilishiga ham qiziqishgan. Bunga javoban Peskov, hozircha, u prezidentlik lavozimiga rasman kirishmaganini eslatgan. "AQShning amaldagi prezidenti bor. Rossiya tomoni u bilan ishlamoqda", — deb ta'kidlagan Dmitriy Peskov. 

U Tramp va Kreml vakillarining uchrashuvi kutilayotganidan xabari yo‘qligini qo‘shimcha qilib, Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Rossiyaga kelganini ham bilmasligini aytgan. 

Peskov, shuningdek, Kreml va Tramp jamoasi o‘rtasida qandaydir aloqa borligini rad etgan. 

Top