10:22 / 14.11.2016
7507

Janubiy Koreya prokuraturasi prezidentning sobiq kotiblarini so‘roq qildi

Foto: © RIA Novosti

Janubiy Koreya prokuraturasi 14 noyabr kuni davlat rahbarining ikki nafar sobiq kotibini so‘roq qildi, deb xabar qilmoqda Yonxap agentligi. Ular oktabr oyidagi siyosiy mojarolardan so‘ng iste'foga chiqqan edi. 

Avval xabar qilinganidek, prezident Pak Kin Xening qohin dugonasi Tsoy Sun Silning davlat ishlariga aralashganiga oid xabarlar paydo bo‘lgach, mamlakatdagi siyosiy norozilik kuchaygan edi. Bundan tashqari, Tsoy Sun Sil davlat idoralaridagi aloqalaridan foydalangan holda, yirik korporatsiyalardan pul yiqqan. 

Bu safar Seul markaziy okrugidagi prokuraturaga Koreya prezidenti sobiq kotiblari An Bon Gin va Li Che Man so‘roqqa chaqirilgan. Ularning ikkisi ham tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirishgan. Prokuraturaning gumon qilishicha,  An Bon Gin va Li Che Man Tsoy Sun Silning prezident hujjatlarini qo‘lga kiritishiga aloqador bo‘lishi mumkin. 

Xususan, Tsoy Sun Silning planshet kompyuterida prezident Pak Kin Xe ma'ruzalari topilgan edi. U prezident nutq qilishidan avval, ularga o‘zgartirish kiritgani ma'lum bo‘lgandi. Pak Kin Xening yana bir kotibi Chon Xo Son maxfiy ma'lumotlar oshkor bo‘lgani sababli qo‘lga olingan. 

Pak Kin Xening o‘zi mojaro tufayli ikki marta kechirim so‘ragan va prokuraturada o‘z xohishi bilan ko‘rsatma berishga tayyorligi haqida bayonot bergan edi. Bundan avval, Janubiy Koreyada amaldagi davlat rahbari prokuraturaga hech qachon ko‘rsatma bermagan.

Top