20:19 / 15.11.2016
16797

Yaponiyaning Fukuoka shahrida cho‘kkan yo‘l qismi qisqa muddatda ta'mirlandi

Foto: Kyodo News

Yaponiyaning Fukuoka shahri markazidagi yo‘llardan birida 7 noyabr kuni ulkan o‘ra paydo bo‘lgani haqida xabar qilingan edi. Oradan bir hafta o‘tgach, mazkur yo‘l ta'mirlanib, foydalanishga topshirildi, deb xabar qilmoqda Japan Times.

Chuqurligi 15 metrga teng bo‘lgan hamda diametri 30 metrga 27 metr bo‘lgan o‘ra 6 ming tonnadan ortiq qum va sement qorishmasi bilan to‘ldirilgan. 

Shundan so‘ng, ishchilar yangi asfalt yotqizishgan, yo‘l belgilari, svetoforni o‘rnatishgan, chiziqlarni chizishgan. Munitsipal hokimiyat vakili yo‘lda kuniga yoriq bor-yo‘qligii tekshirilishini bildirgan. 

Shahar hokimi Soichiro Takasimaning so‘zlariga ko‘ra, ta'mirlash ishlari tufayli yo‘lning ushbu qismi oldingidan «30 marta mustahkamroq bo‘lgan».

Shaharning ko‘plab aholisi yo‘lning o‘ta qisqa muddatda ta'mirlanganidan hayron qolishganini yashirishmayapti. «Men kamida bir oy ketsa kerak, deb o‘ylagandim», — degan taksi haydovchilaridan biri. 

7 noyabr kuni Yaponiyaning Kyusyu orolidagi Fukuoka shahri markazida besh yo‘lakli yo‘l ostidagi tuproq yemirilgani bois, ulkan o‘ra paydo bo‘lgandi. Buning natijasida hech kim jabrlanmagan bo‘lsa-da, avtomobil qatnovi buzildi va elektr ta'minotida uzilishlar paydo bo‘ldi. 


 

Top