18:44 / 16.11.2016
6220

Akmal Saidov saylov jarayonida Kamsitmaslik tamoyili va kamsitish deb hisoblanmasligi kerak bo‘lgan choralar haqida aytib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi eng yuqori ¬demokratik standartlarga mos bo‘lib, mamlakatimizning ¬xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub'yekti sifatida BMT, YeXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ¬zimmasiga olgan majburiyatlariga to‘la javob beradi.

Avvalo, ushbu qonunchilik asosi inson huquq hamda erkinliklari, shu jumladan, fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini kafolatlaydi. Bu huquqlar dastlab BMT tomonidan 1966 yilda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda aks etgan bo‘lib, keyinchalik BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi hujjatlarida yanada rivojlantirildi. 

Ikkinchidan, unda demokratik saylovlarni o‘tkazishning aniq tartib-taomili belgilangan bo‘lib, saylov tizimining barcha jihati qamrab olingan. Saylovning huquqiy asoslari aniq, izchil va sodda tuzilgan. Mazkur sohadagi barqaror qonunchilik esa saylov jarayoni ishtirokchilari uchun aniqlikni ta'minlashi bilan juda ahamiyatlidir.

Uchinchidan, ushbu huquqiy asos jamiyatning barcha qatlami manfaatlari inobatga olingan holda, ochiq va oshkora ishlab chiqilgan bo‘lib, turli siyosiy partiyalar, nomzodlar tomonidan ham, saylovchilar tomonidan ham keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.¬

To‘rtinchidan, bu huquqiy tizim ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy hamda mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi hamda xususiyatidan qat'i nazar, teng saylov huquqini ta'minlaydi va fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ¬xizmat qiladi. 

Masalan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq holda, fuqarolar saylov huquqlariga rioya qilishning muhim kafolatlari sifatida quyidagi asosiy -tamoyillarni belgilaydi:

Saylovning ochiqligi va oshkoraligi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni mustaqil saylov komissiyalari xolis, ochiq va oshkora amalga oshiradilar. Saylovni tayinlash, unga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazishga doir qarorlar rasmiy e'lon qilinadi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ¬saylovi to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘zda tutilgan tartib va muddatlarda jamoatchilik e'tiboriga yetkaziladi. Bu, o‘z navbatida, saylovning milliy hamda xalqaro kuzatuvini amalga oshirish uchun keng imkoniyat ¬yaratadi.

Erkin saylovlar. Fuqarolar saylovda erkin va ixtiyoriy ravishda qatnashadilar. Hech kimning ularni muayyan bir nomzodni yoqlab yoki unga qarshi ovoz berishga majbur qilishga haqqi yo‘q. Shu bilan birga, hech kim  fuqaroga uni saylovda ishtirok etishga majburlash maqsadida hamda uning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta'sir ko‘rsatishga haqli emas. Prezident saylovi bo‘yicha ovoz berish yashirin bo‘lib, fuqarolar tomonidan bevosita amalga oshiriladi. Fuqarolarning xohish-iroda bildirishlari ustidan nazorat etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Byulletenlarni to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa biron-bir kishining hozir bo‘lishi taqiqlanadi.

Haqqoniy saylovlar. Saylovlar fuqarolarning xohish-irodasini erkin bildirishi va uni bevosita amalga oshirishini ta'minlaydi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun saylovchilarga nomzodlarni tanlash imkoniyatini beradi. Hozirgi kunda mamlakatimizda siyosiy plyuralizm, g‘oyalar xilmaxilligi hamda ko‘ppartiyaviylik amalda to‘liq ta'minlangan. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkaziladi. Saylov muddati va tartibi Prezidentlikka nomzodlarga, saylov jarayoni ishtirokchilariga keng ko‘lamli hamda to‘laqonli saylovoldi tashviqotini olib borish imkonini beradi. 

“O‘zbekiston Respublikasi ¬Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida saylovni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari qoida va tartibini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Adolatli saylovlar. Saylovlarning adolatliligi tamoyili ¬asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga teng huquqiy sharoit ta'minlanadi. Bu, avvalambor, umumiy va teng saylov huquqida, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga saylov kampaniyasida ishtirok etishda, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlarni yaratishda ko‘zga tashlanadi. Shu bilan birga, saylovni, nomzodlarning saylov kampaniyasini adolatli va oshkora moliyalashtirish, saylovning barcha tadbirini rasmiy e'lon qilish orqali ovoz berish natijalari haqida to‘liq va tezkorlik bilan xabardor qilish, qolaversa, ochiq hamda oshkora, jamoatchilik va xalqa¬ro kuzatuvchilar nazorati ¬ostida ¬faoliyat yuritadigan mustaqil saylov komissiyalari tomonidan saylov jarayoni tashkil qilinishi ham adolatli saylov garovi hisoblanadi. Qolaversa, fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, saylov kampaniyasi boshqa ishtirokchilarining ushbu ¬siyosiy tadbir doirasida huquq va erkinliklari buzilganligi yuzasidan shikoyatlari sudlar, boshqa ¬vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan tezkorlik bilan sa¬marali ko‘rib chiqilishi esa ushbu ¬tamoyilni amalda ro‘yobga ¬chiqarishga xizmat qiladi.

Mustaqil saylov komissiyalari tomonidan saylovlarni o‘tkazish. O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, fuqarolarning saylov huquqi hamda -erkinligini ta'minlash, shuningdek, ularga rioya etilishini nazorat qilish Konstitutsiya va qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida xolis faoliyat yuritadigan mustaqil saylov komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Konstitutsiyamizning 117-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi -Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga ¬saylovni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ¬tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik hamda adolatlilikdan iborat bo‘lgan ¬O‘zbekiston ¬Respublikasi Markaziy saylov ¬komissiyasi tuziladi.

Saylov komissiyalarini shakllantirish, ularning vakolatlari va ¬faoliyatini amalga oshirish qonun bilan belgilanadi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunda saylov komissiyalari tizimi, ularning vakolatlari, faoliyatini tashkil qilish muddati mustahkamlangan. 

Kamsitmaslik tamoyili va kamsitish deb hisoblanmasligi kerak bo‘lgan choralar. Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi ¬Prezidenti saylovida ishtirok etishiga oid yuqorida zikr etilgan huquq hamda erkin¬liklari qonun bilan cheklanishi ¬mumkin. Agar bunda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sudning hukmiga muvofiq, ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan ¬shaxslarning saylash va saylanish huquqini cheklash ko‘zda tutilsa, u holda bu kamsitish xususiyatiga ega chora sifatida ko‘rilmaydi. 
Siyosiy partiyalar tashkil etilishi va faoliyatiga bog‘liq holda nomzodlar ko‘rsatilishi hamda fuqarolarning saylov huquq va erkinliklarini cheklash ko‘zda tutilishi mumkin. Bu cheklashlar ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy hamda mulkiy ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab amalga oshirilmasligi kerak. Cheklashlar faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilanishi mumkin hamda milliy xavfsizlik, jamoat tartibini saqlash, jamiyat farovonligi yo‘lida, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash maqsadidagina asosli qo‘llanilishi mumkin. Eng muhimi, bunday cheklashlar davlatning xalqaro majburiyatlariga muvofiq bo‘lishi lozim. 

Akmal SAIDOV,
 

Top