20:52 / 17.11.2016
13019

AQSh harbiylari IShIDga qarshi kurashda Turkiyaga yordam berishni to‘xtatdi

Foto: Reuters

Amerikalik harbiylar IShIDga qarshi quruqlikdagi harbiy harakatlar olib borayotgan Turkiyani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi. Defense News nashri xabar tarqatishicha, amerikaliklar NATOda ekstremistik guruhga qarshi kurash bo‘yicha yakdil fikr mavjud emas deb hisoblamoqda. 

Iroq va Suriyadagi amerikalik harbiylar vakili Jon Dorrianning xabar qilishicha, AQSh Turkiyaning Al-Bobni olish uchun boshlagan amaliyoti davomida havodan zarbalar berish va harbiy maslahatlar orqali yordam ko‘rsatmoqchi emas. Al-Bob shahri Turkiyaning janubiy chegaralariga 20 milya (30 km atrofida) masofada joylashgan. Bu shahar Raqqaga olib boruvchi yo‘ldagi muhim ahamiyatga ega shahar hisoblanadi. 

Dorianning so‘zlariga ko‘ra, Al-Bobga yurish qilish qarorini Turkiya tomoni mustaqil ravishda qabul qilgan va bunda koalitsiya fikrini so‘ramagan.  

Nashrda qayd etilishicha, bu ham o‘ziga xos tarixiy o‘zgarish, AQSh bungacha ko‘p vaqt davomida Turkiyaning chegara hududdagi amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgandi. Endilikda tomonlarning IShID bilan kurashdagi qarashlari o‘zgargan. AQSh Raqqani ozod etish haqida qayg‘urmoqda, Turkiya esa o‘z e'tiborini Suriyaning shimolidagi boshqa viloyatlarga qaratgan. 

Turkiya va AQSh o‘rtasida kurdlar masalasida ham turlicha qarashlar mavjud. AQSh Suriya kurdlarini ittifoqchisi deb biladi, Turkiya esa ularni Turkiya ichkarisidagi terrorchi tashkilot bilan aloqador deb hisoblaydi. 

Dorrianning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan bu qarama-qarshilik diplomatik yo‘l bilan bartaraf etilmog‘i kerak. U IShIDni yo‘q qilish uchun ikki davlat hamkorlikda kurash olib borishi kerakligini ta'kidlagan.

Top