07:17 / 18.11.2016
6234

OAV: Apple kompaniyasi iPhone ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishi mumkin

Foto:EPA

Apple kompaniyasi texnikasini ishlab chiqaruvchi asosiy kompaniya bo‘lgan Foxconn Technology Group kompaniyasi iPhone telefonlarini yig‘ishni Janubiy-Sharqiy Osiyodan AQShga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda Nikkei Asian Review nashri ma'lum qildi. 

"Apple iyunda Foxconn va Pegatron kompaniyalariga iPhone ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishni ko‘rib chiqishni taklif qilgandi. Foxconn bunga o‘z javobini bergan, Pegatron esa buni amalga oshirishga katta sarf-xarajat bo‘lishidan xavotirlanib, bu rejani muhokama qilishni rad etgan", deb ma'lum qildi manba.

Boshqa manbaning ma'lum qilishicha, "telefonlarning AQShda yig‘ilishi ular tannarxini ikki barobardan ko‘proqqa oshiradi". 

Foxconn zavodlarida har yili turli modeldagi iPhone’lardan 200 mln dan ko‘proq ishlab chiqariladi.

Apple, Foxconn va Pegatron bunga izoh berishdan bosh tortdi.

Avvalroq AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp Apple va boshqa AQSh kompaniyalari o‘z mahsulotlarini AQSh hududida ishlab chiqarishlari kerakligini aytgandi. U bu haqda De-Moyn shahridagi (Ayova shtati) nutqi davomida aytib o‘tgan.

 

Top