17:50 / 18.11.2016
4884

O‘zbekistonda kichik biznes sub'yektlarining 120 000 dan ziyodini ayollar boshqarmoqda

2016 yilning 18 noyabr kuni Toshkent shahridagi “WYNDHAM” mehmonxonasida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi hamda Byudjyet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston iqtisodiyotida ayollar tadbirkorligining o‘rni va rivojlanish istiqbollari” mavzusida konferensiya o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Konferentsiya O‘zbekiston Respublikasida ayollar tadbirkorligining huquqiy asoslari, sohada ayollar uchun yaratilgan imkoniyatlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari, ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish hamda ushbu sohadagi xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida tashkil etildi.

Konferentsiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollar, O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik hamda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Hozirgi kunda mamlakatimizda kichik biznes sub'yektlarining 
120 000 dan ziyodini, xususan fermer xo‘jaliklarining 4 ming 550 dan ortig‘ini xotin-qizlar boshqarmoqda.

So‘zga chiqqan senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralarning vakillari hozirgi kunda iqtisodiyotda band bo‘lgan xotin-qizlarimizning ulushi 45 foizga yetganini hamda ular orasida aholi turmush farovonligini oshirishda ibrat ko‘rsatib, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan ayollarning safi tobora kengayib borayotganligini, minglab ayollarimiz tadbirkorlik sohasining turli yo‘nalishlarida ishlab chiqarish korxonalarini ochib, xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratayotganligini qayd etib o‘tdilar.

Konferentsiya ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Top