20:12 / 21.11.2016
4313

Markaziy saylov komissiyasida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Foto: Elections.uz

Shu yil 21 noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ye.Utembayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov elchini Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan shu yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish maqsadida qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta'minlash maqsadida avvalgi saylovlarda bo‘lgani kabi xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar, shu jumladan, Qozog‘iston Respublikasidan kuzatuvchilarni taklif etgani ta'kidlandi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillari Qozog‘iston Respublikasidagi parlament va prezident saylovlarida MDH hamda ShHT kuzatuvchilar missiyalari tarkibida bir necha marta ishtirok etgan. O‘z navbatida, Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizdagi saylovlarni kuzatishda muntazam qatnashib keladi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini

yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi

Top