15:45 / 21.11.2016
5833

Sarvar Otamuratov o‘zbek kurashini Olimpiya o‘yinlari qatoriga kiritish darkor deb hisoblaydi 

Foto: milliytiklanish.uz

2016 yil 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Toshkent shahar saylovchilari bilan bo‘lgan uchrashuvi fikr-mulohazalarga boy tarzda o‘tdi. O‘zMTDP Toshkent shahar kengashi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Turkiston saroyida o‘tkazilgan uchrashuvda shaharning barcha tumanlaridan saylovchilar ishtirok etdi. Uchrashuvda Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Feruza Muhitdinova yig‘ilganlarga Sarvar Otamuratovning tarjimai holi va faoliyati haqida atroflicha ma'lumot berdi.

Prezidentlikka nomzod uchrashuvda dastlab istiqlol yillarida poytaxtimiz — Toshkent yirik megapolisga aylanganligi, ulkan bunyodkorlik ishlari tufayli u go‘zal qiyofa kasb etayotgani, muhtasham binolar, ravon va keng ko‘chalar, ko‘priklar, obod mahallalar, jozibali favvoralar, ulkan savdo inshootlari poytaxtimiz chiroyiga yanada chiroy qo‘shayotgani haqida so‘z yuritdi. So‘ng o‘z saylovoldi Dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma'ruza qildi.

Xususan, nomzod Dasturda milliy o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarni himoya qilish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirish, milliy axborot makonini shakllantirish, ham ma'nan, ham jismonan barkamol avlodni tarbiyalash hamda tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va maqsadli ilgari surish kabi dolzarb vazifalar belgilanganini ta'kidladi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratov mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida kelajagimiz egalarini milliy ma'naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalash, davlat tilini yanada takomillashtirish, ma'naviy-ma'rifiy markazlarni tashkil etish va ularning faoliyatini rivojlantirish, oilaviy qadriyatlarni ardoqlash va oilalarni mustahkamlash lozimligiga alohida urg‘u berdi.

O‘zbekistonda umumjahon ahamiyatiga molik bo‘lgan juda ko‘plab tarixiy-madaniy va arxitektura yodgorliklari mavjud. Muzeylar, arxivlar va kutubxonalarda qimmatli qo‘lyozmalar, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Bunday ulkan tarixiy merosni asrab-avaylash va hisobga olish bo‘yicha muayyan ishlar qilingan bo‘lsa-da, o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hali bir qator madaniy meros obektlarimiz hisobga olinmagan, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari to‘liq toifalashtirilmagan.

Ana shulardan kelib chiqib, nomzod madaniy meros obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish talab etiladi, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obekti belgilariga ega bo‘lgan eks¬ponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurligini ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov Toshkent shahar saylovchilarini Dasturda belgilangan ustuvor vazifalar bilan batafsil tanishtirar ekan, “Barkamol avlod — millat tayanchi” tamoyili ostida yoshlar ongini xalqimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta'siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g‘oyasini singdirish, milliy ma'naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirish lozimligini e'tirof etdi. Nomzod bu borada kino, teatr va estrada san'atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an'analari va ilg‘or urf-odatlarini ta'sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarni yaratish taklifini berdi.

Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod barkamol avlod tarbiyasi haqida gapirar ekan, yoshlarning ma'naviy kamoloti bilan bir qatorda ularning jismonan yetukligiga ham alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi. Yaqinda olimpiadachilarimiz va paralimpiadachilarimiz erishgan olamshumul g‘alabalar butun xalqimiz va millatimizning g‘ururini osmon barobar ko‘tarib, fuqarolarimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otganini ta'kidladi. Shundan kelib chiqqan holda, nomzod “Farzandlari sog‘lom va barkamol yurt qudratli bo‘lur” shiori ostida mamlakatimizda keng quloch yoygan va umummilliy vazifaga aylangan bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish, sportning barcha turlari, ayniqsa, Olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek kurashini Olimpiya o‘yinlari qatoriga kiritish darkor, deb hisoblaydi.

Sarvar Otamuratov Dasturning boshqa sohalariga ham batafsil to‘xtaldi. Dasturda belgilangan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, Dasturda qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalda ro‘yobga chiqarish mamlakatimiz milliy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash, iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur'atlarini ta'minlash, xalqimiz farovonligi va mamlakatimizning bundan buyon ham gullab-yashnashiga xizmat qiladi.

Nomzodning Dasturini qo‘llab-quvvatlab Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullayev, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi akademik litsey direktori N.Umarova, Toshkent Arxitektura qurilish instituti o‘qituvchisi O‘.Shakarov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi M.Ashurova  va boshqalar so‘zga chiqdilar.

Uchrashuv so‘ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.

Mavzuga oid
Top