16:21 / 22.11.2016
6526

YeChL. Intriga saqlanib qolayotgan guruh – 2 yo‘llanma, 4 da'vogar

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague

Ikki haftalik tanaffusdan so‘ng  klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir Yevropa chempionlar ligasi bahslari davom ettiriladi. Ye, F, G va N  guruhlari seshanba kuni o‘z uchrashuvlarini o‘tkazadi. 5-tur uchrashuvlari ko‘p masalalarga oydinlik kiritib berishi kutilmoqda.

Tribuna.uz sayti o‘yinlardan oldin guruhlardagi vaziyatlarni tahlil qilgan.

Turnir jadvali. «Ye» kvartetida guruh bosqichi tugashiga ikki tur qolganda vaziyat hamon chigal bo‘lib turibdi. Guruh bosqichidan chiqish uchun barcha to‘rtta jamoada ham imkoniyatlar mavjud. Masalan TsSKA so‘nggi ikki uchrashuvda g‘alaba qozongan taqdirda pley-off yo‘llanmasini naqd qilishi mumkin. Lekin moskvaliklar uchun muammo shundaki qolgan uchala jamoa ham chempionlar ligasi madhiyasini bahorda maydonga tushgan holda eshitishni istaydi.

TsSKA – Bayyer (Toshkent vaqti bilan 22:00, translyatsiya Match TV)

Joriy yil taqvimi bo‘yicha Moskvadagi so‘nggi o‘yin. Noqulay ob-havo sharoitida kechishi kutilayotgan uchrashuvda mezbonlar TsSKA pley-off bosqichi yo‘llanmasi uchun so‘nggi imkoniyatidan foydalanib ko‘radi. So‘nggi vaqtlarda futboldan tashqarida ko‘proq nomi chiqqan jamoa uchun g‘alaba suv va havodek zarur bo‘lib turibdi.

4-turdan keyin Slutskiy shogirdlari 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinda bormoqda. «Bayyer» - hozircha ikkinchi o‘rinda. Leverkuzenliklar uchun g‘alaba deyarli keyingi bosqich masalasini hal qilishiga sabab bo‘ladi. TsSKA g‘alaba qozongan taqdirda pley-off yo‘llanmasi uchun imkoniyatlarini saqlab qolishi mumkin.

O‘yin oldidan. Yuqorida aytganimizdek TsSKA  Rossiya chempionatida o‘tgan turda Tulaning «Arsenal» jamoasini kichik hisobda mag‘lubiyatga uchratib, uzoq davom etgan g‘alabasiz seriyaga yakun yasadi. «Bayyer» esa so‘nggi tur uchrashuvida mavsumning haqiqiy sensatsiyasiga sabab bo‘layotgan «Leyptsig»ga o‘z uyida imkoniyatni boy berib qo‘ydi – 2:3.

Yo‘qotishlar. TsSKA ancha oldin Roman Yeryomenko xizmatidan foydalana olmay kelayotgandi. O‘tgan haftada finlyandiyalik futbolchi rasman ikki yilga futboldan chetlatilgach, moskvaliklar futbolchidan foydalanishni butunlay unutishdi. Shuningdek jarohatini tiklash uchun uzoq vaqt sarflagan Alan Dzagoyev nihoyat mashg‘ulotlarga kirishdi. Biroq uning sport formasi yaxshi emasligini hisobga olsak, bu uchrashuvda Slutskiy yetakchi yarimhimoyachi xizmatidan foydalanishni so‘roq ostida qoldirmoqda. «Bayyer»da esa tarkib bo‘yicha barchasi normal holatda.

Taxminiy tarkiblar:

Imkoniyatlar. Bukmekerlar Germaniyada kechgan birinchi uchrashuvda durang natija qayd qilingan bo‘lishiga qaramay, bu uchrashuvda «Bayyer»ni favorit sanashmoqda. «Aspirinchilar»  g‘alabasi turli kontoralarda 2.10 - 2.30 koeffitsiyentlar atrofida baholangan.

Monako – Tottenhem (00:45 , Match! Futbol 2)

Sentyabrda muxlislar bilan to‘lib-toshgan «Uembli»da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Monako» barcha taxminlarni yo‘qqa chiqarib – 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Navbatdagi to‘qnashuv kamtargina 18 ming tomoshabinga mo‘ljallangan «Lui II» stadionida bo‘lib o‘tadi.

4 turdan keyin «Monako» 8 ochko to‘plagan holda 1-o‘rinda bormoqda. Keyingi bosqichga chiqish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turgan monegaskliklarni «Tottenhem»ga qarshi uchrashuvda durang natija ham musobaqaning bahorgi qismida ishtirok etishini kafolatlaydi. Biroq 1-o‘rin uchun kurashda g‘olib kelish uchun ham bu uchrashuvda g‘alaba qozonish shart. «Tottenhem» «Uembli»da o‘tkazgan ikkita o‘yinida to‘plagan bir ochkosi va Moskvadagi g‘alabasi bilan 4 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinda bormoqda. Monakoda qo‘lga kiritiladigan g‘alaba jamoa uchun yaxshi imkoniyatni taqdim etishi mumkin. Chunki jamoa so‘nggi turda TsSKAni (hattoki «Uembli»da) mag‘lubiyatga uchratishda katta muammoga duch kelmasa kerak.

O‘yin oldidan. Knyazlik jamoa hozirda fantastik formaga kirgan. Fransiya chempionatida o‘tgan so‘nggi uch uchrashuvda monegasklar maksimal ochko jamg‘arishdi. Ahamiyatlisi ular bu uchrashuvlarda jami 12 to‘p kiritib biror marta ham o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqani yo‘q. Ayni vaqtda «Monako» Yevropada eng ko‘p gol kiritgan jamoa bo‘lib turibdi. «Real», «Barselona» va «Manchester Siti» kabi sermahsul jamoalarni ortda qoldirayotgani tahsinga sazovor. To‘rt marta  davom etgan duranglar seriyasidan keyin nihoyat o‘tgan turda Maurisio Pochettino shogirdlari Harri Keynning so‘nggi daqiqalarda kiritgan ikkita goli evaziga «Vest Hem»dan ustun keldi – 3:2. Bu g‘alaba jamoaning barcha musobaqalardagi jami 7 seriyadan iborat g‘alabasiz seriyasiga yakun yasadi.

Yo‘qotishlar. Afsuski jamoalar bu o‘yinda optimal tarkibda harakat qila olishmaydi. Leonardu Jardim Joau Moutino xizmatidan foydalana olmasa, Maurisio Pochettino bundaylarning salmog‘i ko‘proq — Tobi Alderveyreld, Ben Devis va Erika Lamela jarohatlardan qutulish bilan ovora.

Taxminiy tarkiblar

Imkoniyatlar. Bukmekerlar ikkala jamoaning imkoniyatlarini deryali teng baholamoqda. Mezbonlik evaziga Jardim shogirdlariga ishonch biroz yuqori. Misol tariqasida kontoralardan biri «Monako» g‘alabasiga 2.62 koeffitsiyent berayotgan bo‘lsa, «Tottenhem» g‘alabasi uchun stavka 2,97ni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid
Top