15:35 / 23.11.2016
8327

YeChL anonsi. Nomini oqlayotgan «o‘lim» guruhi

Tribuna.Uz Yevropa chempionlar ligasining 5-turidan o‘rin olgan uchrashuvlar bo‘yicha anonslar berishni davom ettiradi. 

Qur'a tashlangan paytidayoq eng kuchli guruhlardan biri sifatida ta'rif berilgan S guruhi hozircha bildirilgan ishonchlarni to‘liq oqlamoqda. Nazariy jihatdan barcha jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib turibdi. 5-turda ham eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri shu guruhda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Turnir jadvali. Hozircha 4 turdan keyin «Barselona» 9 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilmoqda. «Manchester Siti» hisobida 7 ochko mavjud. «Borussiya» va «Seltik» ko‘proq Yevropa ligasi uchun kurashayotgan bo‘lsada, haligacha pley-off yo‘llanmasidan umidini uzgani yo‘q. 

Seltik – Barselona (00:45, Match! Igra)

Glazgoda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv «Barselona» uchun muhim ahamiyat kasb etadi. «Manchester Siti»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyat tufayli keyingi bosqich masalasi ortga surilgandi. Bugungi g‘alaba jamoa keyingi bosqichga chiqishini kafolatlaydi.

O‘yindan oldin. «Seltik» Shotlandiya chempionati haqida ortiqcha o‘ylamasa ham bo‘ladi. Keltlar bitta uchrashuv kam o‘tkazgan holatda eng yaqin ta'qibchisini 10 ochkoga ortda qoldirmoqda. Shu boisdan Brendana Rojyers shogirdlari bor e'tiborini yevrokuboklarga qaratsa ham bo‘laveradi. Hech bo‘lmaganda Yevropa ligasiga beriladigan yo‘llanma glazgoliklar uchun juda zarur. «Barselona»da esa ishlar u darajada yaxshi kechmayapti. «Siti»dan uchralgan mag‘ulbiyatdan keyin jamoa o‘tgan hafta La-ligada ham ochko yo‘qotdi. «Kamp Nou»da Luis Enrike jamoasi 9 kishi bo‘lib qolgan «Malaga» darvozasiga yo‘l topa olmadi – 0:0. Lekin bu uchrashuvni Lionel Messi va Luis Suares o‘tkazib yuborgandi. Bu ochko yo‘qotish jamoaning peshqadam «Real»dan 4 ochko ortda qolishiga sabab bo‘lmoqda. Omadsizlik davridan chiqib ketishi uchun ko‘hna qit'aning eng nufuzli musobaqasi bahorgi mavsumiga yo‘llanmani naqd qilish — eng ajoyib sabab bo‘la oladi.

Yo‘qotishlar. Luis Enrike bu uchrashuvda himoyachi Samuel Umtiti va  jamoa sardori Andres Inesta xizmatidan foydalana olmaydi. Ikkala futbolchida ham jarohat bor. «Seltik»da bunday muammolar ko‘zga tashlanmaydi.

Taxminiy tarkiblar
Seltik:
 Gordon, Svyatchenko, Boyyata, Lyustig, Forrest, Makgregor, Armstrong, Braun, Roberts, Sinkleyr, Dembele
Barselona: ter Shtegen, Roberto, Pike, Maskerano, Alba, Buskets, Rakitich, Andre Gomesh, Messi, Suares, Neymar

Imkoniyatlar. «Seltik» uy stadionida ajoyib futbol namoyish eta olishiga «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuvda guvohi bo‘lganmiz. 3:3 hisobida yakunlangan o‘yinda Rojyers shogirdlari har safar hisobda oldinda borishgandi. Lekin shunga qaramay «Barselona»ga qarshi uchrashuv bukmekerlik idoralari tomonidan mezbonlarning imkoniyatini past baholanmoqda. Rojyers shogirdlari g‘alabasi uchun 10.00, 11.00 kabi 12,50 koeffitsiyentgacha bo‘lgan juda ko‘p variantdagi stavkalar qabul qilinmoqda. O‘z navbatida «Barselona» g‘alabasi uchun barcha kontoralarning fikri deyarli yakdil – 1,25-1.30 koeffitsiyent.

Borussiya M – Manchester Siti (00:45, UzReport, Match TV)

Kunning eng muhim uchrashuvi. O‘zbekistonliklar ko‘ra olishi mumkin bo‘lgan asosiy telekanallar orqali ushbu o‘yin namoyish etilishidan ham buni bilib olish qiyin emas. Pley-off yo‘llanmasi o‘rtaga tikilgan bahs kechaning bezaklaridan biriga aylanishi kutilmoqda. O‘tgan yilgi uchrashuv ham buni kafolatlamoqda.

O‘yindan oldin. Andre Shubert shogirdlari so‘nggi paytlarda Germaniya chempionatida ham o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘ydi. G‘alabasiz seriyasiga barham bera olmayotgan jamoa  o‘tgan haftada o‘z uyida «Kyoln»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Oxirgi marta klub bundesligala 24 sentabrda g‘alaba qozongandi. Shuncha muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, rahbariyat Shubert iste'foga chiqarishni istamayapti. Murabbiy bunga «Siti»dek jamoani yutish orqali munosib javob berish imkoniyatiga ega. «Manchester Siti» esa oktabr oyidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin asta-sekin o‘ziga kela boshladi. «Barselona» ustidan qozonilgan g‘alaba jamoaning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini qaytardi. O‘tgan turda Pep Gvardiola shogirdlari «Kristal Pelas» uyida murakkab kechgan o‘yinda g‘alaba qozondi va YeChLdagi muhim o‘yin oldin o‘ziga repetitsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdi.

Yo‘qotishlar. Gvardiola  APLdagi so‘nggi tur qahramoni Yahyo Tureni yil boshida qaydnomaga kiritmagani uchun bugun uning xizmatidan foydalana olmaydi. Shuningdek, navbatdagi jarohatini olgan Vensan Kompani, kichik jarohatlari bo‘lgan Pablo Sabaleta va Fabian Delf ham bugun jamoaga yordam bera olishmaydi. «Borussiya M»dan esa Yosip Drmich, Dominges, Dakur va Shultsda shunday muammo bor. Shuningdek «Seltik»ka qarshi uchrashuvda qizil kartochka olgan Korb ham diskvalifikatsiya tufayli bu uchrashuvda o‘ynamaydi.

Taxminiy tarkiblar
Borussiya M: 
Zommer, Vestergord, Kristensen, Elvedi, Vendt, Dovud, Kramer, Traore, Shtindl, Raffael, Azar.
Manchester Siti: Bravo, Sanya, Stounz, Otamendi, Kolarov, Fernandino, Sterling, 
Go‘ndo‘g‘an, Silva, de Bryuyne, Aguero.

Imkoniyatlar. O‘tgan yili Myongxengladbaxda kechgan uchrashuvda ham «Manchester Siti» g‘alaba bilan qaytgandi. Bu yil yanada kuchliroq ko‘rinayotgan «shaharliklar» bukmekerlarning ishonchiga sabab bo‘lgan. Mehmonlar g‘alabasi uchun 1.70-1.80 koeffitsiyentda stavkalar berilgan. «Borussiya» g‘alabasi esa turli kontoralarda turlicha 4.50-4.80 koeffitsiyentlar oralig‘ida baholanmoqda.

Mavzuga oid
Top