01:08 / 23.11.2016
29130

Istanbulning “yuragi”ga sayohat

Bu safargi Istanbul sayohatim buyuk sahobiy Abu Ayyub al-Ansoriy maqbarasini ziyorat etishdan boshlandi. Menimcha, Sharqu G‘arbning javohir shahri Istanbulning yuragi Ayyub tumani bo‘lsa kerak. Abu Ayyub al-Ansoriy majmuasi atrofida har qadam masjid, har qadam mozor. Mahalliy aholi eng ko‘p tashrif buyuradigan ziyoratgoh ham aynan shu. O‘zgacha fayzi bor bu yerning. Bu haqda bloger Davronbek Tojialiyev “Feysbuk”dagi o‘z sahifasida yozmoqda.

Ayyub Sulton jome' masjidi Istanbul fathidan so‘ng qurilgan ilk katta jome' masjididir (1558). 

Ayyub Sulton jome' masjidi

Istanbulda sahobalarga oid 29 ta ziyoratgoh mavjud bo‘lib, ularning 2 tasi mozor (haqiqiy qabri shu yerda joylashgan), qolganlari maqomdir (ya'ni, shu yerda vafot etgani shubhali). 

Istanbul tuproqlariga sahobalar fath maqsadida ilk marta hijriy 48 yili (melodiy 668) kelishgan. Tarixiy ma'lumotlarga qaraganda, bu qo‘shin tarkibida 63 sahoba ham bor edi. Ular orasida Abu Ayyub al-Ansoriy, Abu Shayba al-Xudriy, Fazola ibn Ubayd al-Ansoriy, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Zubayr kabi mashhur sahobalar ham bor edi. Eng shiddatli janglar Ayvonsaroy-Edirnekapi orasida bo‘lgan. Abu Ayyub al-Ansoriy vasiyatiga ko‘ra, Konstantinopol devorlari ostiga dafn etilgan. 

Sulaymoniya jome' masjidi xonaqosi

Doktor Mehmet Efendio‘g‘li “Sahobalar davri Istanbul safarlari” ilmiy ishida bayon etishicha, Istanbulda faqatgina 2 sahobaning (Abu Ayyub al-Ansoriy va Payg‘ambarimizning s.a.v. sut qardoshlaridan Abu Shayba al-Xudriy) qabri mavjud. 

Istanbul tepaliklarda joylashgan. Har tepaga muhtasham masjidlar barpo qilingan. Sulaymoniya (Sulton Sulaymon Qonuniy buyrug‘i bilan me'mor Sinon tomonidan 1550-1557 yillarda barpo qilingan), Fotih (Istanbul fotihi Sulton Muhammad Fotih tomonidan 1462-1470 yillarda qurdirilgan), Emino‘nudagi Volida Sulton (Murod III ning zavjasi Sofiya Sulton buyrug‘i bilan boshlangan, 1597-1665 yillarda qurib bitkazilgan), Sulton Ahmad (Sulton Ahmad tomonidan 1609-1617 yillari qurdirilgan), Ayasofiya (1453-1930 yillarda masjid sifatida foydalanilgan) jome' masjidlari eski Istanbulning eng go‘zal arxitektura namunalaridandir. Jome'ga kirib, binoning naqshu nigorlari, muhtasham ustunlari-yu gumbazlarini tomosha qilankansiz, beixtiyor, do‘ppingiz yerga tushib ketishi tabiiy.

Sulton Ahmad jome masjid

Istanbul – azonlar shahri. Bu yerda “najotga kelinglar!” kalimasini eshitmay qolishning imkoni yo‘q. Har namoz uchun azon bir-biriga ulanib, 10 daqiqagacha Istanbul havosi ilohiy nidoga to‘ladi. Bu yerda muazzinlar ham maxsus o‘qitilib, Diyonat ishlari boshqonligi tomonidan tayinlanadi. Katta masjidlarga tajribali, ovozi shirali muazzinlar qo‘yiladi. Bir-biriga tutash masjidlar muazzinlari kelishib olib, navbat bilan azon aytadilar. 

Tarixiy Ayasofiya masjidining bir qismi ham ibodat uchun 2016 yilning oktabr oyida qayta ochildi. Sulton Ahmad va Ayasofiya masjidlari muazzinlari ham azon kalimalarini navbatlashib aytisharkan. Sulton Ahmad muazzini “Allohu akbar. Allohu akbar” deb nido qiladi, kutib turadi. Ayasofiya muazzini ham bu kalimalarni aytgandan so‘ng, Sulton Ahmad muazzini shu tarzda davom ettiradi. Juda go‘zal manzara, g‘oyat farahbaxsh holat.

Sulaymoniya jome masjidi 

Diyonat ishlari boshqonligi ma'lumotiga ko‘ra (31.12.2015), Istanbul viloyatida 3317 ta masjid faoliyat yuritmoqda. Turkiya bo‘yicha masjidlar soni 86 762 tadir.

Sulaymoniya jome masjidi
Ayasofiya jome' masjidi
Ayyub Sulton jome' masjidi
Ayyub Sulton jome' masjidi gumbazi
Mavzuga oid
Top