16:59 / 23.11.2016
4293

“Ijtimoiy fikr” so‘rovida qatnashganlarning 87,3 foizi saylov qonunchiligini yaxshi bilishini e'tirof etdi 

Foto: Kun.uz

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi — 2016” mavzuidagi ijtimoiy so‘rovning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.

Tadqiqotning birinchi bosqichida fuqarolarning elektoral kayfiyatidagi o‘zgarishlar, ularning saylov kampaniyasidan xabardorligi o‘rganilgan edi. 

So‘rovning ikkinchi bosqichi shu yilning 2 - 10 noyabr kunlari, ya'ni saylovoldi tayyorgarlik tadbirlari qizg‘in pallaga kirgan paytda o‘tkazildi. Umuman, so‘rovda 2200 nafar kishi qatnashdi. Ularning 50,9 foizi shahar, 49,1 foizi qishloq aholisidir. Respondentlarning 49,5 foizi erkaklar, 50,5 foizi ayollar. Ijtimoiy tadqiqot mamlakat barcha hududida tasodifiy-ehtimoliy usulini qo‘llagan holda tashkil etildi. So‘rovda qatnashganlarning mutlaq katta qismi - 97,5 foizi shu yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda, albatta, ishtirok etishini ma'lum qilgan. Vaholonki, so‘rovning birinchi bosqichida bu ko‘rsatkich 95 foizni tashkil etgan edi. Shuning o‘ziyoq aholining elektoral faolligi yuksalganidan darak berib, saylovchilarning mustahkam grajdanlik pozitsiyasini, saylov har bir fuqaro uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini anglatadi. 

So‘rovda qatnashganlarning fikricha, saylovda ishtirok etish har bir kishining fuqarolik burchi. Ular mamlakat Prezidentligiga xalq ishonchini oqlay oladigan munosib nomzod saylanishini istashadi. Saylovchilar mamlakatimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlarga befarq emas. Ular mamlakat kelajagi o‘zlarining tanloviga, fuqarolik faolligiga bog‘liq ekanligini teran anglashadi. Saylov uchastkasiga kelib, munosib nomzodga ovoz berish, fuqarolar nazdida, o‘z mamlakati taqdiriga bo‘lgan samimiy tuyg‘ulari va uning kelajagiga daxldorligi ifodasidir. 

Jamoatchilik fikrini o‘rganish mamlakatimiz aholisining bo‘lajak saylov haqida xabardorlik darajasi jadal oshib borayotganini ko‘rsatdi. Masalan, respondentlarning 87,3 foizi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitutsiya, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali besh yil muddatga saylanishini bilishadi. So‘rovning birinchi bosqichida hamyurtlarimizning xabardorlik darajasi 85,2 foizni tashkil qilgan edi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, saylovchilar siyosiy partiyalar nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega ekanidan, Prezidentlikka nomzodlar, ularning saylovoldi dasturlari, saylovni o‘tkazish tartibi, shuningdek, qaysi saylov uchastkasida ovoz berishidan xabardor. 

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, fuqarolarning mutlaq katta qismi uchun ommaviy axborot vositalari mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi voqealar haqidagi axborotlarning asosiy manbai hisoblanadi. So‘rovda qatnashganlarning 69,9 foizi saylov kampaniyasini doimo, 28 foizi esa imkon boricha kuzatib bormoqda. So‘rovning birinchi bosqichida bu ko‘rsatkichlar tegishincha 68,1 va 22,3 foizni tashkil qilgan edi. Ijtimoiy tadqiqot saylov kampaniyasi qizg‘in pallaga kirishi bilan televideniye, radio va matbuotning ommabopligi oshib borayotganini ko‘rsatdi. So‘rovda ishtirok etganlarning salmoqli qismi televideniyeni saylov kampaniyasi haqida tezkor, batafsil va qulay vaqtda axborot berish manbai sifatida e'tirof qilgan. Ular markaziy ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uning huquqiy asoslarini, shuningdek, nomzodlarning saylovoldi dasturlarini yoritishda tezkorlik va hozirjavobligi bilan ajralib turishini qayd etgan. 

Qatnashchilarning fikricha, OAV saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlamoqda. Ularning saylov kampaniyasiga oid xolis va ishonchli axborotlarini ijobiy baholashgan.

Tadqiqotda Prezidentlikka nomzodlarning shaxsiy fazilatlari bo‘yicha jamoatchilik fikri bilan ham qiziqildi. Ikki bosqichdagi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar qanday shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishi kerak, degan savolga so‘rovda ishtirok etgan hamyurtlarimiz yuksak zakovat, mustahkam iroda, halollik va tartiblilikni o‘zida jo etgan bo‘lishi kerak, deb javob berishgan. Nomzodlarning ustuvor fazilatlari sifatida davlat darajasida fikrlay olishi, siyosiy rahbarlik tajribasi, yuksak malaka, boshqaruvning ¬zamonaviy ko‘nikmalaridan xabardorligi, bilimli, demokratik tamoyillarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, aholining turli ijtimoiy qatlamlari orzu-umidlarini hamda manfaatlarini hisobga olish istagi va intilishi, faol fuqarolik nuqtai nazariga ega bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. 

So‘rov fuqarolarimiz kayfiyati saylov arafasida ijobiy va ezgu umidlar bilan yo‘g‘rilganini yaqqol ko‘rsatdi. Chunki tadqiqotda qatnashgan –yurtdoshlarimizning 96,7 foizi Prezident saylovi muhim ahamiyatga ega ekanligi va ularning hayotida g‘oyat katta o‘rin tutishini ma'lum qilishgan. Ularning fikricha, saylovda faol qatnashish vatanparvarlik, g‘urur va iftixor, yuksak huquqiy madaniyat, faol grajdanlik pozitsiyasi hamda Vatan taqdiriga daxldorlik ifodasidir.

Mavzuga oid
Top